Bugun dunyo bo‘ylab koronavirus yuqish holatlari bo‘yicha rekord qayd etildi. Afsuski, nafaqat dunyo, balki O‘zbekistonda ham koronavirus yuqtirganlar soni shiddatli tezlik bilan ortmoqda. Ayniqsa, aholi orasidan yuqishlar soni ko‘payib ketdi.
Endi farzandlarimiz yoppasiga cholg‘uchi bo‘lishi mumkin. Negaki o‘quvchilarga o‘zi yoqtirgan cholg‘uni chalishni o‘rganish va shahodatnomasiga mashshoqlik bo‘yicha bilimini baholash kiritilishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni maqtab o‘tdi va madaniyat masalasiga to‘xtaldi. Prezident Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov kabi mashhur hofizlarni tilga olish asnosida “madaniy muhitda katta bo‘lgan odamning turmush tarzi ham madaniyatli bo‘ladi. Nega yirik korxonalarda cholg‘u yoki maqom ansambllari tashkil etish mumkin emas? Nega oliygohlarimizda tanaffus payti musiqa qo‘yilmaydi?” deb savol qo‘ydi va maktab shahodatnomalariga cholg‘u asbobi bo‘yicha baholashni ham kiritishni taklif qildi. Shu tariqa o‘quvchi maktabni o‘zi ma’qul ko‘rgan biror cholg‘u turini mukammal egallagan holda bitiradi.
* * *
Obunachilari soni bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi raqamli blogeri Xushnudbek Xudoyberdiyevning ish joyi o‘zgardi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasida ishlab kelgan Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. O‘zA avvaldan konservator agentlik sanalib, so‘nggi vaqtdagi o‘zgarishlar unga kam ta’sir o‘tkazayotgandi. Faol bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zAni o‘zgartiradimi-yo‘qmi, buni kuzatamiz.
Avval suxandon bo‘lib ishlagan Farhod Mahmudov O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Xayrulla Nuritdinov esa "O‘zbekiston24” telekanali direktori etib tayinlandi.
* * *
6-iyuldan 2020–2021-o‘quv yili uchun umumta’lim maktablariga 1-sinf o‘quvchilarining qabul jarayoni boshlanadi. Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, 1-sinfga o‘quvchilarning hujjatlari 6–31-iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida va 1–25-avgust kunlari maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqarida qabul qilinadi.
Shuningdek, pandemiya sharoitida ota-onalarning maktablarda to‘planib qolishini oldini olish maqsadida Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida ilk marotaba 1-sinfga boradigan o‘quvchilarning hujjat topshirish jarayoni “Qabul.maktab.uz” orqali (5-iyuldan) onlayn navbat asosida amalga oshiriladi. Dastur Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Ota-onalardan maktablarga tashrif davomida karantin qoidalariga qat’iy amal qilish hamda ijtimoiy masofa saqlash so‘raladi.
* * *
Karantin uzaygani sari yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladi. Tirikchilikdan qiynalganlar turli ko‘chaga kirishi, gohida jinoyatga qo‘l urishi mumkin. Ayrimlar temiryo‘l bolt-gaykalarini yechib sotishga tushdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilning dastlabki besh oyida 17 271 ta jinoyat qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,9 foizga ko‘p, deganidir. Bu ham koronavirusning bilvosita zararlaridan biri.
Ayni kunlarda virus juda xatarli odim otmoqda. 3-iyul kuni O‘zbekistonda 318 kishi koronavirusdan zararlandi. Bunaqasi avval bo‘lmagan. 4-iyul kuni Toshkentda koronavirus 100 dan ortiq holatda aholi orasidan aniqlandi.
Hozirgacha koronavirusdan jami 33 ta o‘lim yuz berdi. Ayni vaqtda 9 936 nafar vatandoshimiz virusni yuqtirib olganlar safidadir. Mamlakatimizda uy karantinida 42 659 nafar, statsionar karantinda esa 24 301 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.
* * *
O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi ko‘pdan beri bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. Xo‘sh, Markaziy Osiyo yuragidagi davlatning Rossiya boshchiligidagi uyushmaga a’zo bo‘lishiga AQShning munosabati qanaqa? Ma’lum bo‘lishicha, AQShning bu ishga aralashish niyati yo‘q.
AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Xenik aytishicha, Qo‘shma Shtatlar uchun Markaziy Osiyo yanada xavfsizroq va farovon mintaqa bo‘lishi manfaatlidir, undagi davlatlar esa rivojlanish borasida turli xil variantlarni tanlashda erkin bo‘lishi lozim. Xenik, shuningdek, AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga ta’sir o‘tkazish uchun Moskva bilan raqobatlashmasligini bildirdi va “men ushbu muzokaralar haqida izoh berolmayman, chunki Qo‘shma Shtatlar YeOII a’zosi emas”, dedi.
* * *
O‘zbekistondagi eng mashhur telegram blogerlar kimlar? Forbes bunga aniqlik kiritdi. 286,5 ming obunachi bilan Xushnudbek Xudoyberdiyev ro‘yxatda yetakchilik qilmoqda. Undan keyin @davletovuz asoschisi Qobul Xidirovdir (56,3 ming obunachi). Uchlikni sport jurnalisti Davron Fayziyev 43 minglik obunachi bilan yakunlaydi. Undan keyin taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov, bloger Nurbek Alimov, Nozimjon Safarov, Abdunazar Choriyevich, Diyor Imomxo‘jayev, Shohruh Shodmonov, Farhod Fayzullayev, Nikita Makarenko, Behzod Hoshimov, Muhrim A’zamxo‘jayev, Shahzod Ergashaliyev, Faxrullo Hamidullayevlar obunachilari soniga mos ravishda o‘rin olgan.
Ammo unda obunachilari soni yuqoridagi blogerlarnikidan kam bo‘lmagan Umid G‘afurov, Otabek Bakirov, Temurmalik Tojiddinzoda, Dima Qayum, Zafar Solijonov kabi mashhur blogerlar negadir yo‘q.
* * *
Shu haftada jurnalist Abdurahmon Tashanov Navoiydagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 45 yashar mahkumning urib o‘ldirilgani haqida xabar berib, badani qo‘rqinchli tarzda mo‘mataloq bo‘lib ketgan jasad surati va videosini ilova qilgan edi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda kuchli rezonans berdi. Ko‘p o‘tmay IIV xabarga raddiya e’lon qildi.
Vazirlik yozishicha, Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan muqaddam to‘rt marotaba sudlangan Farrux Xidirov 2010-yilning 18-oktabrida Yangiyo‘l shahar sudining hukmiga ko‘ra o‘ta xavfli retsidivist sifatida 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Mahkum 27-iyun kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasida (Sangorod) vafot etgan. Vrachlar unga “o‘pka sili IV klinik bosqichi (limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10 foizdan ortiq kamayishi, diareya” tashxisini qo‘ygan. “Video tasvirda ko‘rinayotgan qizarishlar bu murda dog‘i bo‘lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo‘q”, deyiladi vazirlik bayonotida.
“Daryo”dan uzoqlashmang va eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling. Karantin kuchaymoqda, zaruriy gigiyena talablariga rioya qiling. Uyda qoling.
Izoh (0)