“Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov Facebook’dagi sahifasida yana bir fuqaro qiynoqlardan vafot etgani haqida yozib, o‘z postiga video ham ilova qildi.

Videodan kadr

“Shu yilning 27-iyun kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining 64/18-sonli muassasasi (Sangorod)dan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani ‘Bahor’ mahallasida istiqomat qilgan, Navoiydagi koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 45 yashar mahkum Farrux Xidirovning o‘ligi chiqdi.

Bilmadim, ‘Feysbuk’ ijtimoiy tarmog‘i postimga ilova qilinayotgan videomateriallarni chop qiladimi-yo‘qmi, ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlarimizdan koloniya tezkor vakillarining vahshiyligi bayon qilingan postimni o‘zaro ulashishlarini iltimos qilardim.

Pichoq suyakka yetdi! Bular qachongacha ‘uzr’ bilan qutuladi. Bular qachongacha odamni militsiya zo‘ravonlari o‘ldiradi-yu, javobiga kelganida blogerlarni ayblashadi. Qo‘yayotgan videolarimga e’tibor bering! Inson zoti shunchalar vahshiymi? Odamzodni shunchalik qiynoqqa solish mumkinmi?

Yaqinlarining aytishicha, Farrux bir necha kun avval uyiga qo‘ng‘iroq qilib, koloniya xodimlari pul talab qilishayotganini aytgan va hatto, qandaydir hisob raqamlari ham berishgan ekan. So‘ng uning chalajon tanasini Sangorodga olib kelishibdi. U yerda 8 kun davomida o‘ziga keltirishga urinishgan, lekin bo‘lmabdi.

Oddiy bir huquq himoyachisi, fuqaro sifatida iztirobga tushmoqdaman. Nahotki, hammasi shunday ketaveradi?! Qiynoqlarning, xo‘rliklarning oxiri bormi?!

Senat raisi, Respublika Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu hodisaga ochiq efir orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh berishi shart, deb hisoblayman”, — deb yozdi Abdurahmon Tashanov.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.

IIV Jazoni ijro etish boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, videotasvirda aks etgan murda 1975-yilda tug‘ilgan fuqaro Xidirov Farrux Anvarovichga tegishli.

Mahkum Xidirov ma’lumoti o‘rta, oilasiz, vaqtincha ishsiz, muqaddam 4 marotaba sudlangan. Qamalgunga qadar Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, “Bahor” MFYda istiqomat qilgan.

U 2010-yil 18-oktabrda Yangiyo‘l shahar sudining hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish), 164-moddasi 2-qismi “a” bandi (qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa narsalarni ishlatib) bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. JKning 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

IIV xabariga ko‘ra, Farrux Xidirov 2020-yilning 5-iyunidan buyon bir qator ichki kasalliklari tufayli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli kasalxonada davolanib kelgan.

IIV axborot xizmati Farrux Xidirov bo‘yicha “Daryo”ga ma’lumotnoma taqdim etdi. Ushbu ma’lumotnomaga ko‘ra, Farrux Xidirov OITSga chalingan va 2006-yildan beri o‘pka sili kasalligi bilan og‘riydi. 2020-yil 7-iyundan boshlab uning ahvoli o‘ta og‘ir deb baholangan. Mahkum 15-iyun kuni o‘z palatasida o‘tirgan holatida o‘rnidan turmoqchi bo‘lganida muvozanatini yo‘qotib, polga yiqilishi oqibatida butun ustki qismi va pastki lab tashqi yuzasida yengil yuzaki shilingan jarohat olgan. Bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bemorning umumiy ahvoli o‘ta og‘irligi, o‘zi mustaqil yoza olmasligi bois u bilan birga davolanayotgan bemorlardan yozma tilxatlar olinib, holat bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, bemorning kasallik tarixiga biriktirilgan.

Farrux Xidirov bo‘yicha ma’lumot

Farrux Xidirov bo‘yicha ma’lumot

“Davolanishiga qaramasdan 2020-yil 18-iyun kuni soat 05:45 larda kasalxonaning terapiya bo‘linmasida o‘pka sili IV klinik bosqichi (limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma’lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10% dan ortiq kamayishi, diareya) tashxisiga ko‘ra vafot etgan. Murda prokuratura organlari tomonidan tekshirilgan, tan jarohatlari aniqlanmagan, holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.

Video tasvirda ko‘rinayotgan qizarishlar bu murda dog‘i bo‘lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo‘q”, — deyiladi IIV axborotida.

Mahkum Farrux Xidirov kasallik tashxisi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV va SSVning hamkorlikdagi 2008-yil 13-avgust kunidagi 1854-sonli qarorida ko‘rsatilgan kasalliklar ro‘yxatiga to‘g‘ri kelganligi sababli sud muddatini kutayotgan bo‘lgan.

IIV axborot xizmatining alohida qayd etishicha, ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.