Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan bloger va Mass-media fondi direktori Xushnudbekni yangi mas’uliyatli lavozim bilan tabriklayman. Birga juda samarali mehnat qildik. Ishonamanki, sizning harakatlaringiz bilan O‘zA yangi darajaga ko‘tariladi. Siz u tashkilotga haqiqiy yangi qon bo‘lib kirayotganingizga ishonaman. Yangilik qilish oson bo‘lmaydi, tayyor turing. Omad!”, — deya yozgan Komil Allamjonov o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Ma’lum bo‘lishicha, Xushnud Xudoyberdiyev 2013-yildan buyon O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari lavozimda ishlab kelgan Jumanazar Meliqulov o‘rnini egallagan.

Tayinlovga qadar Xushnud Xudoyberdiyev Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori sifatida ishlab kelayotgandi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi respublika hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi rasmiy axborot agentligi sanaladi.

O‘zAning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash hisoblanadi. Shuningdek, agentlik qonunlar, Prezident qarorlari, rasmiy bayonotlari va ma’ruzalarini, shuningdek, Oliy Majlis palatalari va hukumatining qarorlarini e’lon qiladi va yoritadi.

O‘zA bosh direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

2019-yilning dekabr oyida Prezident qarori bilan O‘zAning vazifalari yangilangan. Agentlik qoshida maslahat kengashi va media markaz tashkil etish rejalashtirilgan. 2020-yilning fevral oyida O‘zA unga yangi qurilmalar sotib olish va yangi portalni ishga tushirish uchun 5,4 milliard so‘m ajratishni ko‘zda tutuvchi hukumat qarorini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi.