Farg‘ona viloyatida temiryo‘l shpallaridan 48 dona “zakladnoy” bolt va 60 dona gaykani o‘g‘irlagan fuqaro fosh qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar qilgan.

Xabarga ko‘ra, 28-iyun kuni Farg‘ona viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga Qo‘qon temiryo‘l masofasi boshlig‘i tomonidan ma’lumot yuborilgan. Unda 27-iyun kuni korxona ishchilari tomonidan “Furqat-Oltiariq” temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 222 kilometri 6-7-piketlari orasida mavjud shpallarning 48 dona “zakladnoy” boltlari va 60 dona gaykalari noma’lum shaxs tomonidan yechilib o‘g‘irlab ketilgani, ushbu holat poyezdlar harakatiga xavf tug‘dirishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida F.X. 26-iyun kuni uyidagi chorva mollariga o‘t o‘rish uchun qishlog‘i yaqinidan o‘tgan temiryo‘l bo‘yiga chiqqani,“Furqat-Oltiariq” bekatlari oralig‘i 6-7-piketlarida temiryo‘l shpallariga mahkamlangan bir nechta bolt-gaykalarni qo‘li bilan burab, sug‘urib olgani aniqlandi. U boltlar va gaykalarni 27-iyun kuni M.S. ismli ayolga 192 ming so‘mga sotgan.

IIV axborot xizmatining qayd etishicha mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.