2017-yil may oyidan 2018-yil fevralgacha oraliqda firibgarlik yo‘li bilan 45 nafar fuqaroni chuv tushirgan Toshkent viloyatida yashovchi O.U.ga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bergan.

Foto: “Daryo”

Xabarda qayd etilishicha 33 yoshli O.U. firibgarlik yo‘li bilan moddiy boylik orttirish maqsadida 2017-yilning may oyidan 2018-yilning fevral oyigacha bo‘lgan vaqt mobaynida 45 nafar fuqarolarning ishonchiga kirib kredit savdo do‘konlaridan ularning nomiga kredit shartnomasi rasmiylashtirgan. U turli xildagi maishiy texnikalarni olib, belgilangan miqdordagi kredit to‘lovlarini muntazam ravishda o‘z vaqtida to‘lab kelishini aytib, aldov yo‘li bilan fuqarolarning nomiga olingan maishiy texnika vositalarini boshqalarga sotib yuborgan. O.U. pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborib, fuqarolarga qariyb bir yil davomida jami 150 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O.U. ga nisbatan 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov jarayonida O.U. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ish ayblov xulosasi bilan shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlar bo‘yicha Chirchiq shahar sudining hukmi bilan O.U. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.