Samarqand viloyati Samarqand tumanida 22 yoshli yigit o‘zidan 30 yosh katta mahalladoshi bilan kelib chiqqan janjal sababli uni urib, o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Fptp: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 11-iyun kunidan 12-iyun kuniga o‘tar kechasi soat 01:30 da Samarqand tumani “Yangiariq” MFY hududida 52 yoshli T.B. va 22 yoshli M.S. o‘rtasida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik natijasida M.S. fuqaro T.B.ning yuz sohasiga qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Natijada T.B. Samarqand tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro M.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha M.S. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Fuqaro T.B. shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 2020-yil 22-iyun kuni shifoxonada vafot etgan. Jinoyat ishi esa Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.