O‘zbekistonda 2020-yil 30-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 87 kishiga ko‘payib, 8385 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Yangi kasallanish holatlarining

  • 72 nafari karantin markazidagi fuqarolar (barchasi xorijdan kelgan) orasida,
  • 11 nafari Toshkent shahrida (shundan 7 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 4 nafari aholi orasida),
  • 4 nafari Toshkent viloyatida (shundan 3 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 1 nafari aholi orasida) aniqlangan.

Shu paytga qadar mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalingan 5569 nafar fuqaro sog‘aygan va tuzalish ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil qilmoqda. Hozirga qadar mamlakatda 25 kishi COVID-19 qurboniga aylangan.

Shuningdek, mamlakatda 2791 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 1-iyuldan boshlab, qator karantin cheklovlari kuchaytiriladi. O‘zbekistondagi barcha buyum bozorlari haftaning har shanba va yakshanba kunlari yopiladi. “Qizil” va “sariq” hududlarda soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish taqiqlandi. “Sariq” hududlarida soat 22:00 dan keyin maxsus ruxsatnomasiz yurgan avtomobillarga qarshi nazorat kuchaytiriladi.