O‘zbekistonning epidemiologik toifasi “qizil” va “sariq” bo‘lgan hududlarida soat 23:00 dan so‘ng ko‘chada yurish taqiqlandi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 30-iyun kuni e’lon qilingan axborotida ma’lum qilingan.

“Joriy yil 1 iyul sanasidan boshlab, ‘qizil’ va ‘sariq’ hududlarda soat 07:00 dan 23:00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23:00 dan 07:00 ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi”, — deyiladi komissiya axborotida.

Bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, homiladorligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi.

“Mazkur talablarni buzgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi”, — deya qo‘shimcha qilingan Maxsus komissiya axborotida.