Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan (qizil reyslar) O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga o‘z hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 30-iyun kuni qilingan navbatdagi axborotidan ma’lum bo‘ldi.

Xususan:

  • Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan mehmonxonalar ularga tegishli obyektlarni 24 soat uzluksiz qo‘riqlash bo‘yicha Milliy gvardiya bilan shartnoma tuzadi;
  • ushbu mehmonxonalarda tibbiyot muassasalari tomonidan shartnoma asosida kundalik tibbiy xizmat tashkil etiladi;
  • fuqarolar respublikaning xalqaro aeroportlari va chegara o‘tkazish punktlaridan mehmonxonalargacha yo‘l patrul xizmati vakillari kuzatuvi ostida transport vositalari bilan yetkaziladi.

Bundan tashqari barcha yuqorida qayd etilgan talablarga qat’iy rioya etgan holda, karantin nazorati davrini o‘tkazish uchun mehmonxonalarda joylashtirish sharti bilan xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni turoperatorlar va aviatashuvchilar tomonidan ham respublikaga yetkazib kelish reyslari tashkil qilinishiga ruxsat berilgan.