“Real” 2019/2020-yilgi mavsumning qolgan uy uchrashuvlarini “Atletiko” stadioni — “Vanda Metropolitano”da o‘tkazishdan bosh tortadi, deya xabar beradi ESPN.
Manbaga ko‘ra, “Qirollik klubi” stadioni “Santyago Bernabeu”da hozirda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda, shu sababli “Real” qolgan 6 ta o‘yinni o‘z mashg‘ulot bazasi — “Alfredo di Stefano”da o‘tkazishni rejalashtirgan.
Biroq Ispaniya chempionati o‘yinlariga muxlislar kiritilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgach, “Atletiko” prezidenti Enrike Kereso “Real”ga “Vando Metropolitano”da uchrashuvlar o‘tkazishni taklif qilgan. Ammo “qaymoqranglilar” rahbariyati taklif uchun azaliy raqiblariga minnatdorchilik bildirgan holda undan voz kechmoqchi.
Shu bilan birga, agar hukumat muxlislar tashrifiga ruxsat bergan taqdirda ham “Real” “Alfredo di Stefano”dagi o‘yinlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya chempionati 11-iyun sanasidan qayta davom ettiriladi. Tanaffusdan keyingi dastlabki o‘yinda “Real” “Eybar”ni qabul qilsa, “Atletiko” mehmonda “Atletik” bilan kuch sinashadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)