O‘zbekistonda 8-iyun soat 23:00 dan 9-iyun 23:00 gacha 80 kishida koronavirus aniqlandi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 80 nafar bemorning

  • 42 nafari karantin muassasalaridagi fuqarolar orasida;
  • 25 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 11 , Navoiy viloyatida — 13, Toshkent viloyatida — 1);
  • 13 nafari xorijdan kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar orasida aniqlandi.

Aholi orasida yangi kasallanish holatlarining qayd etilishi avvalgi kunlarga nisbatan kamroq bo‘ldi (7-iyun kuni 217 kishi, 6-iyun kuni 66 kishi kasallikni yuqtirib olgandi). Biroq Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim holatlarda kasallik kimdan, qanday yo‘l bilan tarqalganini, kasallik manbasi kimligini aniqlay olishning imkoni bo‘lmagan. Hozirda ushbu holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Koronavirusdan davolanish

9-iyun davomida 102 nafar fuqaro sog‘aydi. Bemorlarning 74 nafari Toshkent shahridagi, 28 nafari Navoiy viloyatidagi tibbiyot muassasalarida davolanib chiqdi.

Ma’lumot o‘rnida, JizzaxSurxondaryo  va Farg‘ona viloyatlari koronavirusdan xoli hudud bo‘lib turibdi. Qoraqalpog‘iston (3 nafar bemor), Andijon (4 nafar bemor) va Qashqadaryo (5 nafar bemor) koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turibdi.

Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi bemorlar esa Toshkent shahrida davolanmoqda. Eng ko‘p bemor hozir aynan Toshkent shahrida (831 kishi) bo‘lib, davolanish ko‘rsatkichi 65 foizni tashkil etmoqda. Toshkent shahrida bu boradagi ko‘rsatkich bir kun avval 63 foiz edi. Ayni damda O‘zbekistonning to‘qqiz hududidagi tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar soni 1043 nafarga teng.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4520 nafar bemordan 3459 nafari sog‘aydi. 9-iyunda sog‘ayganlar soni kasallikni yuqtirib olganlar sonidan ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa-da, davolanish ko‘rsatkichi bir kun avvalgi kabi 76 foizni tashkil etmoqda.

Ahvoli og‘ir bemorlar

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1043 bemordan 8 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avvalgiga qaraganda ahvoli og‘ir bemorlar soni 2 nafarga oshgan. SSV 9-iyun soat 10:00 dagi axboroti bilan taqqoslansa, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni bir nafarga ko‘paygan.

15-martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 18 nafar bemor COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan.

Karantindagilar

Shu kungacha jami 449 627 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 403 595 nafari karantindan chiqarilgan. Bir kun ichida karantinga olinganlar soni 4912 nafarga, karantindan chiqarilganlar 4182 nafarga ko‘paydi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda uy karantinida 22 957 nafar, statsionar karantinda esa 23 075 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.