Yangi Zelandiyada koronavirus bilan kasallangan oxirgi bemor tuzaldi, deb yozmoqda “Korrespondent.net”. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining 8-iyun kuni bergan xabariga ko‘ra, Yangi Zelandiyada ikki haftadan ortiq vaqt davomida koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi holatlar qayd etilmadi.

Foto: Hessaminejad

Vazirlik xabarida aytilishicha, koronavirusga chalinib, Oklenddagi kasalxonada shifokorlar nazoratida bo‘lib turgan bemor o‘tgan yakshanba kuni butunlay sog‘aygan deb topilgan.

Yangi Zelandiya bosh sanitar shifokorining ta’kidlashicha, mamlakatda 28-fevraldan buyon ilk bor koronavirusga chalingan bemorlar qolmadi. So‘nggi marta kasallanish holati 22-may kuni qayd etilgan.

Pandemiya boshlanganidan buyon Yangi Zelandiyada 1 504 kishi kasallikka chalingan, ulardan 1 482 nafari tuzalgan, 22 nafari vafot etgan. Mamlakatda koronavirusni aniqlash bo‘yicha 295 mingta test o‘tkazilgan.

Epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan Yangi Zelandiyada karantin cheklovlarining aksariyati bekor qilingan. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi 8-iyun kuni tahdid darajasi pasayganini e’lon qilib, chegaradan tashqari barcha karantin cheklovlarini bekor qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Uxandagi kasalxonalarda koronavirusga chalingan bemorlar qolmagani xabar berilgandi.