Shanxayda xitoylik mutaxassislar tomonidan COVID-19’ni zararsizlantiruvchi antitanalarga ega JS016 dori vositasini klinik sinovlardan o‘tkazishning birinchi fazasi boshlandi, deb xabar beradi Shanghai Daily.

Foto: AFP

Shanghai Junshi Biosciences farmatsevtika kompaniyasi hamda Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Mikrobiologiya instituti hamkorligida yaratilgan JS016 nomli dori vositasi o‘tgan dam olish kunlari Xitoy dori vositalarini nazorat qilish davlat boshqarmasi tomonidan klinik sinovlar uchun ruxsat olgan.

7-iyun kuni ertalab dori vositasi Xuashan shifoxonasida ko‘ngilli sog‘lom insonlar venasiga yuborilgan. Bu orqali ushbu dori vositasining xavfsizligi va immunogenligi, shuningdek, u organizmga qanday tushishi hamda retsipiyent tanasi ichida o‘zini qanday tutishi tekshiriladi.

JS016 koronavirusdan davolangan bemorlar qonidagi antitanalar va zamoaviy texnologiyalar, xususan, alohida hujayralarni sekvenirlash va oqim sitometriyasi yordamida yaratilgan. Maymunlarda o‘tkazilgan dastlabki sinovlar JS016 koronavirusning hujayraga kirishiga to‘sqinlik qilishini ko‘rsatgan.

“Dori vositasi yuborilganidan so‘ng to‘rt nafar ishtirokchi o‘zini yaxshi his qilgan. Biz sinovlarni o‘tkazishda rejaga qat’iy rioya qilish niyatidamiz. Olingan natijalar keyingi klinik sinovlar bosqichida infeksiyaga chalingan odamlarga qancha miqdorda dori vositasini yuborish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, — deydi Xuashan kasalxonasi shifokori, professor Chjan Szin.

Avvalroq Xitoy koronavirusga qarshi vaksinani butun dunyoga tarqatishga va’da bergandi.

Eslatib o‘tamiz, may oyining boshlarida Yaponiya hukumati koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Amerikaning virusga qarshi tajribaviy “Remdesivir” preparatidan foydalanishni ma’qullagan edi.