Niderlandiyadagi xitoyliklarning Royal Palace restoranida mijozlarga robot ofitsiantlar xizmat ko‘rsatishni boshlaydi, deb xabar beradi AP.

Foto: AP Photo

Ma’lumotlarga ko‘ra, robot ofitsiantlar Renesse shahrida joylashgan restoranda koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldinroq paydo bo‘lgan. Restoran egasi robotlarni 2019-yilning kuzida Xitoydan sotib olgan. U o‘zining ushbu xaridi oradan bir necha oy o‘tgach qanchalik foyda keltirishini tasavvur ham qilib ko‘rmagan: robot ofitsiantlar koronavirus infeksiyasi va qattiq karantin choralari vaqtida kerak bo‘ldi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Ta’kidlanishicha, endilikda restoran bo‘ylab ikkita ajoyib oq-qizil robotlar harakatlanmoqda. Ular restoran ochilishi bilan taom va ichimliklarni tarqatish, shuningdek, ishlatib bo‘lingan idish-tovoqlarni qaytarib olib kelish bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, ular mijozlar bilan salomlashishga ham qodir.

Yangi qurilmalar ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya qilishga yordam beradi. Mijozlar va restoran xodimlari bir-biridan 1,5 metr oraliq saqlaydi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiyada restoranlar ikki oylik tanaffusdan so‘ng 1-iyundan boshlab ochilgan. Restoranga tashrif buyuruvchi mijozlar soni bir vaqtning o‘zida 30 kishidan oshmasligi kerak.