“Bavariya” klubi va Fransiya terma jamoasi sobiq futbolchisi Villi Sanyol “Manchester Siti” hujumchisi Leroy Sanening myunxenliklar safiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Getty Images

“Sane xarakter jihatidan myunxenliklarga mos kelmaydi. U beqaror o‘yinchi, bundan tashqari, juda odamovi. Menimcha, u “Bavariya”ga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Sane “Manchester Siti” va Germaniya terma jamoasida ko‘p muammo chiqargan. Aytishlaricha, u 80 million yevro turadi. Undan ko‘ra, yana 20 million qo‘shgan holda Kay Havertsni sotib olgan ma’qul.

Haverts “Bavariya”ga juda mos pleymeker hisoblanadi, u Levandovskiga yaxshi sherik bo‘lishi mumkin. Axir Myuller abadiy o‘ynay olmaydi”, — deydi Sanyol.

Xabarlarga ko‘ra, Sane katta ehtimol bilan yangi mavsumni nemis klubi safida boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Myunxen klubi futbolchini 2019-yilning yozidayoq olib kelishni mo‘ljal qilgandi. Biroq Leroyning jiddiy jarohati mazkur kelishuvga raxna solgandi. Mazkur jarohat sabab futbolchi 2019/20-yilgi mavsumda birorta ham o‘yin o‘tkazmadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!