Yaponiyalik epidemiolog Kentaro Ivata 2021-yilda ham koronavirusni yengish juda qiyin bo‘lishi, shu sabab Tokiodagi yozgi Olimpiya o‘yinlari bekor qilinishini taxmin qildi.
“Olimpiada 2021-yilda bo‘lib o‘tishi uchun ikkita shart bajarilishi lozim. Birinchidan, Yaponiya koronavirusni yengishi kerak. Ikkinchidan, qolgan mamlakatlarda ham virusning tarqalishiga barham berilishi lozim. Keyingi yili birinchi shartni bajarishning uddasidan chiqish mumkindir. Ammo ikkinchi shartchi? Men bu borada juda pessimistik fikrdaman.
Olimpiadada turli mamlakatlardan ko‘plab ishtirokchilar qatnashadi, bu esa bizdagi hozirgi sharoitga to‘g‘ri kelmaydi va katta ehtimol bilan keyingi yili ham xuddi shunday sharoitda bo‘lamiz. Menimcha, yozgi o‘yinlar bekor qilinadi. Xususan, hozirgi holatdan kelib chiqsak, buning ehtimoli yuqori”, — deydi Ivata.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-iyulidan 9-avgustiga qadar o‘tishi kerak bo‘lgan Olimpiada koronavirus sabab 2021-yilning yoziga qoldirilgandi. Shu bilan birga bu boradagi so‘nggi qaror oktabr oyida qabul qilinishi ta’kiblab o‘tilgan.
Avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax Olimpiya o‘yinlarini 2021-yilda o‘tkazishning iloji bo‘lmagan taqdirda musobaqa bekor qilinishi mumkinligini aytgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)