Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Krishtianu Ronaldu — so‘zsiz so‘nggi yillarning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Ketma-ket sovrinlar, rekordlar va eng asosiysi barqaror o‘yinlar uning haqiqiy darajasidan har soniya darak berib turadi. Ammo shunday futbolchi dunyo yuzini ko‘rmasligi mumkin edi. Quyida futbolchi va uning onasi haqidagi ba’zi haqiqatlar hikoya qilinadi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Krishtianu Ronaldu bugungi kunga kelib “Yuventus” va Portugaliya terma jamoasining yulduz futbolchisi hisoblanadi. Ronaldu Yevropa chempioni, Chempionlar Ligasining besh karra g‘olibi, shuningdek, “Oltin to‘p” sovrinini ham besh marta qo‘lga kiritgan. Uni hatto futboldan ancha yiroq kishilar yaxshi biladi. Chunki Ronaldu shunchaki futbolchi emas, balki undan ham ortiqroqdir. Bu zamonaviy sportning o‘ziga xos belgisi bo‘lib, allaqachon futbol va basketbol maydonlari yoki tennis kortlaridan tashqariga chiqishga ulgurgan. O‘z zamonasining muvaffaqiyatli sportchisi birinchi navbatda, yorqin media vakili hamdir. Ronaldu faqatgina reklama shartnomalari orqali yiliga yevroda o‘n millionlab pul topadi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Biroq ko‘pchilik Ronalduning bog‘bon Jose Dinish Aveyru va oshpaz Mariya Doloresh dush Santush Aveyrular oilasida unchalik ham orziqib kutilmagan bola bo‘lgani haqidagi mish-mishlarni eshitgan bo‘lsa ajab emas. Agar bunga ishonilsa, keyinchalik AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan sharafiga atab ism qo‘yilgan bolani, onasi abort qildirmoqchi bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin.

Bunga ishonish kerakmi yoki yo‘q? Faqatgina mish-mish va ta’na-malomatlarga tayanmaslik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri asl manbaga – 2014-yilda nashr etilgan yulduz futbolchining volidasi haqida hikoya qiluvchi “Onalik jasorati” nomli avtobiografik asarga murojaat etish lozim.

Aveyru xonim mazkur kitobda to‘rtinchi homiladorligi haqida bilgach, bolani ikki marotaba oldirib tashlashga uringanini aytadi. Dastavval, ayol mutaxassisga murojaat qiladi, tekshiruvlardan so‘ng shifokor unga sog‘lom bolani dunyoga keltirish uchun hech narsa to‘sqinlik qilmasligini va abortga hojat yo‘qligini aytadi. Bu esa ayolni biroz ranjitdi.

Ronalduning onasi to‘rtinchi farzandni tug‘ishni istamaganini oilaning moliyaviy imkoniyatlari bilan bog‘laydi. Avvaliga hammasi ko‘ngildagidek bo‘lgan, oila keyinchalik ko‘plab muammolarga duch keladi. Barchasi Ronalduning otasi armiyaga chaqirilganidan va Afrikaga Portugaliya nazoratidagi mamlakatlar, xususan Mozambik va Angoladagi millatchilik harakatlarini bostirish uchun jo‘natilganidan keyin boshlanadi. O‘sha paytga kelib, Aveyrular oilasida ikkita farzand tug‘ilgandi, ammo Dinish armiyadan butunlay “boshqa odam” bo‘lib qaytadi.

Aveyru xonim turmush o‘rtog‘ining urushdan kelgach, ichkilikka ruju qo‘yganini, garchi, hech qayeri tirnalmagan bo‘lsa-da, mayib bo‘lib qaytganini ta’kidlaydi.

“Krishtianuga homiladorlik vaqtimda uni oldirib tashlash haqida o‘ylaganman. O‘shanda 30 yoshda edim va uchta farzandim bor edi. Oilamiz juda kambag‘al yashardi va har xil muammolarga duch kelardi. Erim juda kam pul topardi. Shifokorlar operatsiya qilishdan bosh tortdi. Shunday qilib to‘rtinchi farzandimni tug‘ishga majbur bo‘ldim. Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, hammasi o‘g‘lim tufayli. Men abort qildirmoqchi bo‘lganman, biroq Xudo buni xohlamagan”,– deb yozadi Doloresh o‘z kitobida.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Shifokorlarning rad javobi uni qoniqtirmaydi, u esa taslim bo‘lishni istamaydi. Homilani tushirish uchun qo‘shni ayolning maslahatiga quloq solib, issiq va qoramtir pivo ichishni, hamda turli nojo‘ya harakatlar qilishni boshlab yuboradi. Yaxshiyamki, ayolning dahshatli rejasi ish bermaydi va bu chaqaloqning sog‘lig‘iga ta’sir qilmaydi.

Ronaldu onasining avtobiografik kitobi Portugaliyada keskin tanqidlarga uchraydi. Bunga sabab mamlakat kelajakdagi futbol dahosidan mahrum bo‘lishi emas, balki Portugaliyada Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda, abort masalasiga jiddiyroq yondashilishidir.

Doloresh Aveyruning o‘zi ham intervyularidan birida bu voqeani birinchi marta o‘g‘liga aytib berganida xavotirga tushganini yashirmagandi. U farzandining buni tushunmasligidan va oilasidan voz kechishi mumkinligidan qo‘rqqandi. Allaqachon muvaffaqiyatga erishgan va badavlat insonga aylangan Ronaldu shunchaki, jilmayib: “Ko‘rdingizmi, ona bir paytlar mendan qutulmoqchi bo‘lgansiz, biroq bunday bo‘lmagan, hozir esa men hammamizni boqyapman”, – degan ekan.

Mavzuga doir: Krishtianu Ronaldu onasiga Mercedes-Benz sovg‘a qildi

Aslida Krishtianu onasining hayot yo‘lini yaxshi bilardi. Doloresh bolaligida haqiqiy dahshatni boshdan kechiradi – 5 yoshligida onasidan ajraladi, otasi esa boshqa ayolga uylanib, qizini bolalar uyiga topshirib yuboradi. U yerda qiz zo‘ravonlik va tahqirlarga duchor bo‘ladi. Qizaloqni o‘ziga xos tarzda “qayta tarbiyalash” ish bermagach, bolalar uyi Doloreshni otasiga qaytaradi, ammo u qiziga nisbatan hech qanday iliq hislarga ega emasdi, aksincha, qizning har qanday aybi uchun kaltaklash va jazolashda davom etardi.

Doloresh 13 yoshidan boshlab deyarli mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. U o‘ziga bir burda non topish maqsadida soatlab sabzavot va mevalar uchun savat to‘qirdi. Bunday yashash tarzi uning hayotdan sovishiga va iztiroblariga sabab bo‘ladi. Shu bois Doloresh o‘z joniga qasd qilishga ham urinadi, xayriyatki, buning oldi olinadi.

Doloresh keyinchalik Dinish ismli yigitni uchratadi va ular oila qurib, farzandli bo‘ladi. Hamma narsa yaxshilana boshlagandi. Biroq armiya barchasini o‘zgartirib yubordi.

Dinish Aveyru hayotining so‘nggi kunlarigacha ichkilikka qarshi kurashdi. U 2005-yilda vafot etadi, Ronaldu o‘sha paytda “Manchester Yunayted”ning yosh yulduzi bo‘lishga ulgurgandi. 20 yoshli Krishtianuga otasi olamdan o‘tgani haqidagi noxush xabar 2006-yilgi Jahon Chempionati saralashidan o‘rin olgan Rossiya va Portugaliya uchrashuvi oldidan yetkaziladi. Ronaldu o‘sha o‘yinga ko‘z yoshlarini tiyolmay kirgandi...

Jahon futbol yulduzi otasi bilan yaqin munosabat o‘rnata olmagan bo‘lsa ham, u har doim otasini yaxshi ko‘rgan. Ronaldu yaxshi pul ishlashni boshlagandan keyin otasining sog‘lig‘ini tiklashga harakat qiladi, ammo juda kech edi – spirtli ichimliklar jigarni ishdan chiqargandi.

Shundan beri Doloresh Aveyru Ronalduning hayotidagi eng asosiy insonga aylanadi. Kimdir uni “onasining o‘g‘li” desa, yana kimdir boshqacha ataydi. Lekin portugaliyalik futbolchi ko‘plab to‘siqlarga qaramay, o‘zini o‘zi shu darajaga yetkazdi, umidsizlik hamda dilgirliklardan qutulishga muvaffaq bo‘ldi va dunyo aholisining aksariyatiga yaxshi ma’lum bo‘lgan insonga aylandi. Asosiysi, Ronaldu hech qachon ota-onasiga nisbatan gina saqlamaydi, ularni yodga olgan har bir intervyusida kibr va dimog‘dorlikdan yiroq, samimiy inson hamda mehribon o‘g‘ilga aylanadi. Shu bilan birga 35 yoshida uning to‘rt farzandi bor.

Mavzuga doir: Ronalduning onasi shifoxonaga tushib qoldi. Ayol insultga chalingan bo‘lishi mumkin

Boshqa intervyu va maqolalar:

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
Markaziy bank raisining kripto-aktivlar bo‘yicha ma’lumoti rad etildi