Ayrim ingliz futboli muxlislari haqiqiy, dunyo darajasidagi yulduz maqomiga faqat Angliya Premyer Ligasi – dunyoning eng yaxshi futbol ligasida o‘ynash orqaligina erishish mumkin deb hisoblaydi. Messi, Inyesta va boshqa qolgan futbol daholari ham aslida yomon harakat qilmaydi, biroq ular o‘zlarining qadrdon jamoalarida shu darajada qulay o‘rnashib olganki, boshqa biror klubga o‘tish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Bundan farqli o‘laroq, Krishtianu Ronaldu va Tyerri Anri deyarli hamma joyda o‘ynashga qodir ekanliklarini isbotladi. Bu ularni qolganlardan ustun qo‘yadimi? Aslo yo‘q. Ammo bu ular uchun o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqlar yo‘qligini amalda isbotlaydi.

Quyida esa qandaydir sabablarga ko‘ra, ingliz muxlislarining hafsalasini pir qilgan futbolchilar to‘g‘risida so‘z boradi.

Xuan Kuadrado

Foto: Getty Images

Kimdir Kuadradoni hech qachon katta yulduz bo‘lmagan deb aytishi mumkin, lekin tan olish lozimki, u har qanday jamoani ham kuchaytira oladi. Buning o‘rniga esa Kuadrado Mourinyoning hafsalasini pir qildi. A Seriya uchun yaratilgan kolumbiyalik futbolchi “Chelsi” safida atigi 15 marta ko‘rinish bergan, xolos.

Stefan Savich

Foto: Getty Images

Savich APLdan ketishi bilanoq juda yaxshi o‘ynay boshladi. O‘shanda(“Manchester Siti”) uning iqtidoriga yetarlicha baho berilmagandi. Hozirda “Atletiko”ning asosiy o‘yinchilaridan biri Angliyada bor-yo‘g‘i 20 ta o‘yin o‘tkazgandi.

Davor Shuker

Foto: Getty Images

Shukerning yoshini hisobga olib, uning “Arsenal”da o‘tkazgan vaqtini “kechirsa” bo‘ladi, boisi xorvatiyalik futbolchi o‘ttiz yoshdan oshgach APLga ko‘chib o‘tgandi. To‘g‘ri, 39 ta o‘yinda 11 ta gol yomon natija emas. Ammo Jahon chempionatining (1998-yilgi) “Oltin butsa” sovrinini qo‘lga kiritgan va “Real”ning sobiq yulduzidan ko‘proq narsa kutilgandi.

Jorj Vea

Foto: Getty Images

1995-yilgi “Oltin to‘p” sohibi “Stemford Brij”ga kelganida avvalgi Veadan asar ham yo‘q edi. Uning Angliya Kubogida qahramonlik ko‘rsatgani va 15 ta uchrashuvda beshta gol kiritgani ham muxlis-u mutaxassislar kutgan natijasi emas edi.

Fernando Moryentes

Foto: Getty Images

Fernando Moryentes Vea yoki Shukerdan yaxshiroq futbolchi bo‘lganmi? Yo‘q. Ammo ispaniyalik sobiq hujumchining muvaffaqiyatini oqlash sabablari kamroq. U “Liverpul” safida 60 ta o‘yinda atigi 12 ta gol uradi. Bu Chempionlar Ligasi finalida o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ygan va Ispaniya terma jamoasi tarkibida 47 ta bellashuvda maydonga tushgan futbolchi uchun dahshatli natija edi.

Rikardo Kuarejma

Foto: Getty Images

Bir vaqtlar iqtidoriga yuqori baho berilgan va bir necha marotaba ishonchni oqlamagan portugaliyalik yarim himoyachi Angliyaga kelgan vaqti faoliyatining cho‘qqisiga chiqqandi. Uning so‘nggi jamoalari “Barselona” va “Inter” edi. U “Chelsi”ga Yevro–2008 da gol muallifi sifatida kelgandi, xolos. Natija? Gollar va assistlarsiz to‘rtta o‘yin!

Maykon

Foto: Getty Images

Shubhasiz, 2010-yilning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi bo‘lgan Maykon “Manchester Siti” muxlislari kutgan o‘yinchi edi. Ammo u 2012-yilda Angliyada o‘ynay boshlagach, xuddi almashtirib qo‘yilgandek taassurot uyg‘otardi – bir yilda 13 ta o‘yin. Shundan so‘ng “shaharliklar” unga tezda chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi.

Gonsalo Iguain

Foto: Getty Images

Ochig‘i, “Yuventus” va “Milan” saflarida ham unchalik yorqin o‘yinlari bilan yodda qolmagan Iguaindan o‘zgacha sermahsullik kutilmagandi. “Chelsi” tarkibida 19 o‘yinda beshta gol urdi, xolos.

Xerard Pike

Foto: Getty Images

O‘smir bo‘lgani va bor-yo‘g‘i 23 martagina maydonga tushgani uchun Pikeni oriqcha “koyish”ning hojati yo‘q. “Barsa”ning ajralmas qismiga aylangan o‘yinchi Angliya (“Manchester Yunayted”)da nega bunchalik muvaffaqiyatsizlikka uchraganining sababini aytish mushkul, ehtimol o‘shanda qo‘pol o‘yin uslubi unga begona bo‘lgandir.

Diyego Forlan

Foto: Getty Images

Ko‘plab hujumchilar Angliyaga yulduz bo‘lish umidida tashrif buyuradi, ammo tajovuzkor o‘yinlardan qo‘rqib “qochib” qoladiganlari ham yo‘q emas. Forlan ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. “Manchester Yunayted” safida 63 o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol urgan. Ammo shundan keyin u ikkita “Oltin butsa” va Jahon kubogining “Oltin to‘p”iga loyiq ko‘rildi.

Jerom Boateng

Foto: Getty Images

Agar “Manchester Siti” Boatengning uni himoyaning markaziga qo‘yish haqidagi talablarini tinglaganida va unga jamoaga moslashish uchun yana bir yil muhlat berganida, “Siti” muxlislari xursand bo‘lardi. Ammo bo‘lajak Jahon chempionini 16 ta o‘yindan so‘ng, qo‘yib yuborishga qaror qilindi. Kim bilibdi, deysiz? Uning Jahon chempioni bo‘lishini!

Bastian Shvaynshtayger

Foto: Getty Images

Mundial g‘olibi mashhur Shvayni Germaniyaning g‘alabasidan bir yil o‘tib “Manchester Yunayted” bilan shartnoma imzolaydi, ammo bundestim yetakchisini Angliyada tanib bo‘lmasdi. Ko‘pchilik buni Mourinyoning kelishi bilan bog‘laydi, ammo ungacha ham Shvaynshtayger samaradorlik uyoqda tursin, o‘yini bilan ham maqtana olmayotgandi.

Robinyo

Foto: Getty Images

“Oltin to‘p”ga da’vogarlik qilmagan, ammo “Real” va Braziliya terma jamoasining yulduzi bo‘lgan Robinyoni “Siti” bo‘lajak yetakchi sifatida ko‘radi. Buning o‘rniga esa Robinyo o‘yinlarni asosan zaxira o‘rindig‘idan kuzatadi va kamdan kam hollardagina maydonda paydo bo‘ladi. Shunga qaramay debyut mavsumida 15 ta gol urishga muvaffaq bo‘ladi. Ro‘yxatdagi boshqa futbolchilar bilan solishtirilganda ancha yaxshi natija.

Anxel di Mariya

Foto: Getty Images

Di Mariyaning “Manchester Yunayted”da o‘tkazgan vaqtidan afsuslanishi hammaga ayon bo‘lsa kerak. Jamoa muxlislari ham u haqida unchalik yorqin xotiralarga ega emas. Katta niyatlar bilan xarid qilingan argentinalik futbolchi bir mavsum davomida 3 ta gol va 10 ta assistni qayd etdi.

Radamel Falkao

Foto: Getty Images

Falkao angliyalik muxlislarini ikki marta xafa qilgan, dastlab “Manchester Yunayted”da keyinchalik esa “Chelsi”da. Tumanli Albionga kelishidan atigi ikki yil avval u “Oltin to‘p”ga da’vogar futbolchilar orasida edi va dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri hisoblanardi. “Old Trafford”da esa u to‘rttadan ko‘p gol ura olmadi.

Andrey Shevchenko

Foto: Getty Images

“Oltin to‘p”sohibi, Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan Sheva “Chelsi”ning tom ma’nodagi yulduziga aylanishi kerak edi, ammo buning o‘rniga u klubning eng qimmatga tushgan xatolaridan biriga aylandi.

O‘sha vaqtga kelib, Roman Abramovichning klubi bir necha yillardan beri ukrainalik futbolchini jamoaga jalb qilishga harakat qilar va oxir oqibat bunga erishgandi. Muxlislar bundan nihoyatda xursand bo‘lishgandi. Bunga asoslar bor edi, shunchaki, hujum chizig‘ida Shevchenko va Drogba juftligini tasavvur qilishning o‘zi yetarli bo‘lgan!

Ammo hammasi rejalashtirilganidek bo‘lmadi. Shevchenko o‘tkazgan 48 uchrashuvida bor-yo‘g‘i to‘qqizta gol urdi. Bu Kiyevning “Dinamo”si va “Milan” afsonasining Angliyadagi natijasi edi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!