Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte 14-iyunga qadar mamlakatda sport tadbirlarini o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Sport Mediaset nashrining xabar qilishicha, mazkur qaror koronavirusning tarqalish dinamikasiga qarab qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Shu tariqa A Seriyada joriy mavsumini qayta boshlash sanasi kamida bir hafta suriladigan bo‘ldi. Italiya chempionatini 13-iyundan davom ettirish rejalashtirilgandi.
Avvalroq Italiya sport vaziri Vinchenso Spadafora tibbiyot protokoli tayyor bo‘lmagani sabab jamoaviy mashg‘ulotlarni boshlash sanasi keyinga qoldirilganini ma’lum qilgandi. Hujjat imzolanmaguniga qadar futbolchilar klub bazalarida individual mashg‘ulot o‘tab turadi.
Dastlab taqdim etilgan tibbiyot protokoliga A Seriyaning kamida 9 ta klubi qarshi chiqqan. Unga ko‘ra, bir nafar futbolchida koronavirus aniqlanadigan bo‘lsa, klubning barcha a’zolari karantinga yuborilishi haqidagi band bor edi. Bu esa klublarga ma’qul kelmagan.
Mavzuga doir: Angliya Premyer Ligasi klublariga 19-maydan guruh bo‘lib mashg‘ulotlarni boshlashga ruxsat berildi
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)