Anxel di Mariya — zamonaviy futbolning eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri. “Farishta” laqabini olgan Anxel hozirgacha “Benfika”, “Real”, “Manchester Yunayted” va PSJdagi harakatlari bilan juda yaxshi tanish bo‘lib ulgurgan. Di Mariyaning The Player’s Tribune nashri uchun taqdim etgan katta hikoyasini “Daryo” o‘zbek tilida o‘quvchilarga havola qiladi.

Foto: Getty Images

2014-yilgi Jahon Chempionati finali va og‘ir o‘tgan bolaligi haqida

“Real”dan xat olganim va uni ochib ko‘rmasdan oldin yirtib tashlaganim hamon yodimda.

JCh—2014 finali bo‘lishi kerak bo‘lgan kuni, soat 11:00 larda, men ukol olish uchun shifokor-murabbiyni kutardim. Chorak finalda tizzamning mushaklari yirtilgandi, ammo og‘riq qoldiruvchi vositalar yordamida o‘ynashim mumkin edi. O‘shanda murabbiylarga aytgan gaplarim esimda: “Menga baribir, jarohatim olsam ham farqi yo‘q. Men shunchaki o‘ynashni xohlayman”.

Jamoamizning shifokori Daniyel Martines xonaga qo‘lida konvert bilan kirib: “Anxel, senga “Real”dan xat keldi”, – dedi.

Foto: Getty Images

Men undan nima haqida gapirayotganini so‘radim. Daniyel shunday javob berdi: “Bu yerda sening o‘ynay olmasliging aytilmoqda. Shuning uchun ular bugun maydonga tushishingni taqiqlamoqda”.

Men gap nima haqida ekanini darhol angladim. O‘shanda “Real“ mundial tugaganidan so‘ng kolumbiyalik Xames Rodriges bilan shartnoma imzolashni xohlayotgani to‘g‘risida ko‘plab mish-mishlar tarqalgandi. Joyni bo‘shatish uchun meni boshqa jamoaga sotishlarini ham yaxshi bilardim. Shuning uchun ular mening jarohat olishimni istamagan. Mana shunaqa. Bu futbolning muxlislarga qorong‘i bo‘lgan tomoni. Bu “biznes” deb ataladi.

Men Daniyeldan xat oldim va uni ochib ham o‘tirmasdan bo‘laklarga bo‘lib tashladim.

“Qaror qabul qilishi mumkin bo‘lgan yagona inson bu menman”.

O‘sha tunda deyarli uxlamadim. Bunga qisman braziliyalik muxlislarning mehmonxonamiz yaqinida mushakbozlik uyushtirgani ham sabab bo‘lgan. Ammo ular u yerda bo‘lmaganida ham, uxlab qolishim mumkin edi deb o‘ylamayman. Jahon Chempionati finalidan oldingi kecha! Qachonlardir orzu qilgan barcha narsalarni ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Nimalarni his qilayotganingizni tushuntirishning iloji yo‘q.

Men o‘sha kuni maydonga tushishni judayam xohlardim, hatto bu mening faoliyatimni tugatsa ham rozi edim. Ammo jamoamiz uchun ham vaziyatni murakkablashtirmoqchi emasdim. Shu bois uyg‘onishim bilanoq darhol bosh murabbiyimiz janob Sabelyaning yoniga bordim. Bizning munosabatlarimiz iliq edi va agar men boshlang‘ich tarkibdan joy olish istagim haqida aytadigan bo‘lsam, bu unga bosim bo‘lardi.

Shuning uchun, shunchaki o‘zi tanlagan o‘yinchini maydonga tushirishini aytdim.

“Men bo‘lsam men, agar boshqa birov bo‘lsa, demak u. Men shunchaki, Jahon Chempionatida g‘olib bo‘lishni xohlayman. Agar mening foydamga qaror chiqarsangiz, kuchim boricha harakat qilaman”.

Keyin esa hissiyotlarimni jilovlolmay ko‘zimga yosh keldi va men bunga qarshilik ko‘rsatmadim.

O‘yindan oldin kiyinish xonasida Sabelya Enso Peresni asosiy tarkibga tushirishi ma’lum bo‘ldi. Bu qarorni xotirjam qabul qildim. Uchrashuv boshlanishidan oldin va ikkinchi bo‘lim oldidan ham, maydonga tushish uchun chaqirishsa, o‘yinga tayyor bo‘lishim uchun og‘riq qoldiruvchi ukol qilishdi.

Biroq men o‘yinga tushmadim. Biz Jahon Chempionatida mag‘lub bo‘ldik va men bunga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmadim. Bu mening hayotimdagi eng og‘ir kun edi. Uchrashuvdan so‘ng, OAV men (final uchrashuvida qatnashmaganim sabablari) haqimda bo‘lmag‘ur gap-so‘zlar paydo bo‘la boshladi. Ammo men hozir aytayotganlarim mutlaq haqiqat.

Men hamon murabbiyning yoniga suhbatlashish uchun borganimda, yig‘lab yuborganimni u qanday tushunganligi haqida o‘ylayman. Balki, u asablari bardosh bera olmasdan yig‘lagan deb o‘ylar.

Aslida, buning asablarga hech qanday aloqasi yo‘q edi. O‘sha lahzalarning ahamiyati juda kuchli edi, axir biz imkonsiz narsani bajarishga juda yaqin turgandik.

Foto: Getty Images

Uyimizning devorlari oq rangga bo‘yalgan bo‘lishi kerak, lekin ular shunday bo‘lganligini eslay olmayman. Avvaliga ular kulrangda edi, keyin esa ko‘mir changidan butunlay qorayib ketgandi. Otam ko‘mir ishlab chiqarardi, ammo hammasi shaxtadagi kabi emasdi. U uyimizning orqa qismida ko‘mir tayyorlardi. Ko‘mir qanday tayyorlanishini ko‘rganmisiz? Biror taom uchun do‘kondan sotib olinadigan kichik paketlardagi ko‘mir qayerdan kelishini bilasizmi? Ochig‘ini aytganda, bu juda iflos ish, albatta, to‘g‘ri ma’noda.

Otam orqa hovlida ko‘mirni bozorda sotish uchun qoplardi. U yolg‘iz bo‘lmagan, uning kichik yordamchilari bor edi. Maktabga borishdan avval singlim va men otamga yordam berish uchun barvaqtroq uyg‘onardik. Biz o‘shanda 9-10 yoshda edik, bu ko‘mirni yig‘ish uchun ideal davr edi, chunki ish osongina o‘yinga aylanib ketardi. Ko‘mirlarni olib ketish uchun arava kelganida, biz qoplarni uyning ichi bo‘ylab olib o‘tardik. Shu tariqa vaqt o‘tishi bilan uyimiz deyarli qop-qora rangga kirdi.

Ammo buning evaziga dasturxonda yegulik bo‘lar va uyimiz tortib olinmasligi uchun to‘lov qilinardi.

Ko‘mir ishlab chiqarish otamning birinchi “korxona”si bo‘lmagan. Bungacha uyimizning old tarafdagi xonasini kichkina do‘konga aylantirishga urinish bo‘lgandi. U sayqallovchi, oqartiruvchi, sovun va bir qancha tozalovchi xususiyatga ega vositalarni sotib olib, ularni ehtiyotkorlik bilan kichik idishlarga quyib, sotardi. Agar siz bizning shahrimizda yashasangiz, do‘kondan tozalovchi vositalarni sotib ololmaysiz. Boisi bunday vositalar juda qimmat edi. Siz “Di Mariya” do‘koniga kelasiz va onam sizga mahsulotni ancha arzon narxga sotadi.

Foto: Anxel di Mariyaning shaxsiy arxivi

Ularning chaqalog‘i hammasini buzib, o‘zini avtomobil g‘ildiraklari ostiga tashlaguniga qadar hammasi yaxshi ketayotgandi.

Men aslida yomon bola bo‘lmaganman, lekin menda juda ko‘p energiya bo‘lgan, giperaktiv edim. Bir safar onam “do‘konimizda“ savdo-sotiq qilayotganda, men o‘zim uchun dunyoni kashf etmoqchi bo‘lgan ekanman!

To‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chaning o‘rtasiga borib, o‘zimni mashina g‘ildiraklari ostiga tashlagan ekanman, onam esa meni qutqarib qolgan. Onamning bu voqea haqida gapirishiga ko‘ra, judayam dramatik tarzda o‘tgan ko‘rinadi. Bu “Di Mariya” do‘konining so‘nggi kuni edi. Onam otamga bu ish xavfli ekani va boshqa biror narsa bilan shug‘ullanish zarurligini aytgan.

Otam ikkalamiz ko‘mir aralashtirayotganimizda kuchli yomg‘ir yog‘gani va juda sovuq bo‘lganini yaxshi eslayman. Bizning boshimizda faqatgina tom bor edi, xolos. Juda qiyin davrlar edi. Bir necha soatlik ishdan so‘ng maktabga ketardim. Maktab issiq bo‘lardi, u yerda esa isinishim mumkin edi. Otam esa kuni bo‘yi ishlashga majbur edi. Agar u hech narsa sotmasa, biz och qolardik. Ammo men bir kun kelib hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishiga ishonardim.

Futboldan qarzdorman

Foto: Getty Images

Futbol o‘ynashni ancha erta boshladim. Buning sababi onam giperaktiv xatti-harakatlarimga toqat qilolmasligi edi. 4 yoshga to‘lganimda, u meni shifokorga olib borib: “Doktor, u doimo to‘xtamasdan yuguradi. Nima qilish kerak?“, – deb so‘ragan.

U yaxshi argentinalik shifokor bo‘lib chiqdi va shunday javob berdi: “Xo‘sh, nima bilan shug‘ullansang ekan? Futbol bilanmi!?”.

Shu tariqa futbolga kirib kelganman.

Men futbolga shu darajada mubtalo bo‘lgandimki, har ikki oyda butsalarim yirtilib ketardi. Onam esa ularni tikib, yamab berardi, chunki yangisini sotib olish uchun pulimiz yo‘q edi.

Mahalliy jamoada o‘zimni yaxshi tarafdan ko‘rsatganimdan so‘ng, “Rosario Sentral” klubining yoshlar jamoasi murabbiyi otamga qo‘ng‘iroq qilib, meni o‘z jamoasiga taklif qildi. Aslida, bu juda kulgili holat edi.

Otam “Nyuells Old Boys”ning, onam esa “Rosario”ning ashaddiy muxlisi bo‘lgan. Agar siz rosariolik bo‘lmasangiz, bu qarama-qarshilikning qanchalik ehtirosli ekanligini tushunolmaysiz. Bu hayot-mamot masalasiga o‘xshaydi. Klassiko paytida har safar ota-onam bahslashardi. Keyin g‘olib bir oy davomida mag‘lubni masxara qilardi.

“Sentral” meni chaqirganida onamning qanchalik xursand bo‘lganini tasavvur qilavering.

Otam: “Bilmadim. Bu juda uzoq – to‘qqiz kilometr, bizda esa mashina yo‘q!, – degandi.

Oyim esa tezda: “Yo‘q, yo‘q. Siz xavotirlanmang! Men bu bilan o‘zim shug‘ullanaman. Bu muammo emas!“, – deb javob bergandi.

Foto: Getty Images

Shundan so‘ng menda Grasiela paydo bo‘ldi.

Grasiela – zanglagan, eski sariq velosiped edi, unda onam har kuni meni mashg‘ulotlarga olib borardi. Uning old tomonida kichkina savatcha, orqa tomonida esa o‘tiradigan joy bor edi. Aytish kerakki, singlim ham biz bilan borishi kerak edi. Shuning uchun, otam kichkina yog‘och platforma yasab, singlim o‘tirishi uchun velosipedning yon tomoniga bog‘lab qo‘ygandi.

Tasavvur qilib ko‘ring: shahar bo‘ylab bir ayol orqa tomonida kichkina bola va yonida kichkinagina qiz bilan velosipedda bormoqda. Savatda esa butsalarim va bir nechta sendvich bo‘lardi. Xavfli hududlar, yomg‘ir, sovuq, qorong‘ilik. Bularning hech qaysi biri onam uchun muhim emasdi. U shunchaki pedalni aylantirishda davom etardi.

Ochig‘i, “Sentral”da menga oson bo‘lmagan, hatto ikki marotaba futbolni tashlamoqchi ham bo‘lganman. Agar onam bo‘lmaganida, aniq futbolni tashlagan bo‘lardim. 15 yoshimda unchalik baquvvat bo‘lmaganman. Murabbiyimiz esa atletik futbolni afzal ko‘rardi. Va bir safar ikkinchi qavatdan kelgan to‘p uchun kurashmaganimda, u menga: “Sen nimjonsan. Hech qachon hech narsaga erisha olmaydigan sharmandasan. Sen omadsiz bo‘lasan”, – degandi.

Bundan xafa bo‘lib, jamoadoshlarim yonida yig‘lab yubordim va maydondan qochib ketdim.

Uyga kelib, xonamga qamalib olib, yig‘lashda davom etdim. Onam nimadir bo‘lganini tushundi. Axir, har oqshom mashg‘ulotdan so‘ng men darhol yana futbol o‘ynashga yugurardim. U xonamga kirib, nima bo‘lganini so‘radi. Rostini aytsam, men unga haqiqatni aytishdan qo‘rqardim, chunki uning velosipedni minib, o‘sha murabbiyni urishga borishidan chuchirdim. Onam muloyim ayol edi, lekin agar kimdir bolalarini xafa qilsa ... Yaxshisi o‘sha paytda uning ko‘ziga ko‘rinmagan ma’qul edi.

Men unga futbol o‘ynashni to‘xtataman, deb aytdim. Ertasi kuni esa hatto uydan chiqmadim. Maktabga borishni ham istamadim. O‘zimni xo‘rlangandek his qilardim. Ammo keyin onam menga: “Sen qaytishing kerak, Anxel. Sen borib, unga nimalarga qodir ekanligingni isbotlashing kerak”, – dedi.

Foto: Getty Images

Shu kuni mashg‘ulotlarga qaytdim va ajoyib bir narsa yuz berdi. Jamoadoshlarining hech biri ustimdan kulmasdi. Aksincha, ular menga yordam berdi. Himoyachilar yuqoridan kelayotgan to‘plarda menga ustun kelish imkoniyatini taqdim qildi. Ular haqiqatan ham o‘sha kuni menga g‘amxo‘rlik qildi. Futbol juda raqobatbardosh o‘yin, ayniqsa Janubiy Amerikada. Chunki hamma ham o‘zi uchun yaxshiroq hayotni ta’minlashni xohlaydi. O‘sha kunni hech qachon esimdan chiqarmayman, chunki jamoadoshlarim mening azoblanayotganimni ko‘rdi va menga yordam berishga qaror qildi.

Bo‘yim hanuzgacha past, o‘zim esa hali ham oriq edim. 16 yoshimda ham hali asosiy jamoada emasdim. Otam bundan tashvishlana boshladi. Bir kuni kechqurun u kechki ovqat paytida: “Senda uchta variant bor: men bilan birga ishlaysan, maktabni tugatasan yoki yana bir yil futbolda o‘zingni sinab ko‘rasan. Agar bundan hech nima chiqmasa, men bilan ishlaysan”.

Hech narsa demadim, chunki vaziyat qiyinligini tushunib turardim. Oilamizga pul kerak edi.

Keyin onam: “Yana bir yil futbolda”, – dedi. Bu yanvar oyi edi.

Dekabr oyida, yilning oxirida, nihoyat chempionatda “Rosario Sentral” safida debyut o‘yinimni o‘tkazdim.

Mening sportdagi hayotim o‘sha kundan boshlandi. Haqiqat shundaki, bu hayot uchun kurash bundan ancha oldin boshlangandi. Bularning barchasi yamalgan butsalar va yomg‘irda velosipedda mashg‘ulotlarga borishdan boshlangandi. Professional sportchi bo‘lganimdan keyin ham kurashni davom ettirdim. Boshqa yo‘l ham yo‘q edi. Menimcha, Janubiy Amerikadan tashqaridagi odamlar bu tushuna olmaydi. Tushunish uchun siz bulardan boshdan kechirishingiz, biz bosgan yo‘lni bosib o‘tishingiz kerak.

Balki ba’zi odamlar mening karyeramga nazar tashlab: “Ux, “Benfika” keyin “Real”, “Manchester Yunayted” va PSJ”. Ular uchun bu osondek tuyuladi. Ammo orada nimalar sodir bo‘lganini tasavvur ham qila olmaysiz.

Foto: Getty Images

“Benfika’ga kelganimda 19 yoshda edim va ikki mavsumni zo‘rg‘a o‘tkazdim. Otam ishini tashlab, men bilan Portugaliyaga ko‘chib o‘tgandi. Bu uni onamdan ajratdi. Uning kechalari onam bilan gaplashayotganini eshitardim, uni juda sog‘inardi.

Ba’zan, “Benfika”ga o‘tish katta xatodek tuyulardi. Asosiy tarkibdan joy olmasdim, shunchaki uyga qaytishni xohlardim.

Ammo 2008-yilgi Olimpiada mening hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. “Benfika”ning boshlang‘ich tarkibiga tushmasligimga qaramay, Argentina terma jamoasiga chaqirildim. Men buni hech qachon unutmayman. Turnir menga yerlik bo‘lmagan daho – Leo Messi bilan o‘ynash imkoniyatini berdi. Futbol o‘ynash orqali olgan eng katta zavqim o‘shanda bo‘lgandi. Men faqatgina bo‘sh pozitsiyaga yugurishim kerak edi. Yugurishni boshlashim bilan xuddi sehrgarlik kabi to‘p to‘g‘ri oyog‘imga kelib tushardi.

Foto: Getty Images

Butun yo‘lni bosib o‘tdik, finalda esa bizni Nigeriya terma jamoasiga qarshi final o‘yini kutardi. Bu mening hayotimdagi eng aqlbovar qilmas kun bo‘lgan. Uchrashuvdagi yagona golni urish va Argentinaga oltin medalni olib kelish... Buni so‘z bilan ta’riflashning imkoni yo‘q.

Tushunishingiz kerak, men endigina 20 yoshda edim va “Benfika“da ham muntazam o‘ynamasdim. Oilam bo‘linib qolgandi. Argentina jamoasiga chaqirilishimdan oldin nochor ahvolga tushib qolgandim. Ikki yil ichida Olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritdim, “Benfika”da o‘ynay boshladim va keyin “Real”ga o‘tdim.

Bu nafaqat men, balki butun oilam shuningdek, ko‘p yillar davomida meni qo‘llab-quvvatlagan do‘stlarim va jamoadoshlarim uchun o‘zgacha g‘urur edi. Menga otamning mendan yaxshiroq futbolchi bo‘lganini, lekin yoshligida tizzalarini sindirib olgani hamda orzusidan ajralgani, bobomning esa otamdan ham iqtidorli bo‘lgani, biroq temir yo‘ldagi avariyada ikkala oyog‘ini yo‘qotgani to‘g‘risida ko‘p marta aytib berishgan.

Foto: Getty Images

Orzularim ham ko‘p marotaba yo‘ bo‘lib ketishga, so‘nishga yaqin kelgan.

Ammo otam ko‘mir tayyorlashda, onam pedal aylantirishda, men esa erkin zonalarga kirishda davom etdik.

Bu uzoq yo‘l edi.

Nega janob Sabelyaning oldida yig‘laganimni endi tushundingizmi? Men asabiy emasdim, faoliyatim haqida ham qayg‘urmayotgandim. Hatto asosiy tarkibga tushish haqida ham. Men shunchaki orzularimizni amalga oshirishimizni va mamlakatimizda bizni afsonalar qatorida eslashlarini xohladim. Biz bunga juda yaqin edik...

Shuning uchun ommaviy axborot vositalarida mag‘lubiyatimizga bo‘lgan munosabatdan juda xafa bo‘ldim. Ba’zida salbiy qarashlar, tanqidlar chegara bilmaydi va bu noto‘g‘ri. Biz hammamiz insonmiz va hayotimizda boshqalar ko‘rmaydigan narsalar sodir bo‘ladi.

Yakuniy saralash o‘yinlaridan biroz oldin ruhshunosga qatnay boshladim. O‘shanda qiyin davrni, har xil bo‘lmag‘ur fikrlarni boshdan kechirdim. Bunday paytlarda odatda oilam yordam berardi. Ammo bu safar jamoadagi bosim juda katta edi, shu bois menga katta yordami teggan ruhshunosga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. So‘nggi ikki o‘yinda o‘zimni ancha erkin va yengil his qildim.

O‘zimga dunyoning eng yaxshi jamoalaridan birida o‘ynashimni va bolaligimdagi orzum – vatanim terma jamoasidaligimni eslatdim. Ba’zida ishingizdan yana-da zavqlanish uchun o‘zingizga oddiy narsalarni eslatib turishingiz kerak.

Foto: Getty Images

Bugungi kunda odamlar Instagram yoki YouTube’da o‘yinlarning natijalarini tomosha qilishadi, ammo ular buning nima ekanligini bilmaydi. Ular futbolchilar nimalarni boshdan kechirishini bilmaydi.

Meni qizim bilan Chempionlar Ligasi Kubogini birga ushlab turganimni ko‘radi. Men tabassum qilaman, ular esa hamma narsa shunchaki mukammal deb o‘ylashadi. Ammo ular bundan bir yil oldin, uning muddatdan oldin tug‘ilib, kasalxonada ikki oy yotganini, shifokorlar nazoratida bo‘lganini bilmaydi.

Ehtimol, o‘sha suratga qarab, ular finaldagi g‘alaba tufayli yig‘layapti deb o‘ylashlari mumkin. Aslida esa, qizimning yonimda ekani va bu ajoyib lahzalarda men bilan birgaligidan yig‘layapman.

Ular Jahon Chempionating finalini va uning natijasini ko‘radi.

0-1.

Ular bu joyga yetib kelish uchun qancha kurashganimizni tushunmaydi.

Ular uyimizning devorlari asta-sekin oqdan qora rangga o‘tganini bilmaydi.

Ular otam qalay tom ostida ko‘mir tayyorlaganini bilmaydi.

Ular onam yomg‘irda va sovuqda ham mashg‘ulotlarga velosipedda olib borganini bilmaydi!

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!