Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, bugungacha “sariq” toifada bo‘lib kelayotgan Navoiy viloyatining Zarafshon shahri “qizil” toifaga o‘tkazildi.
Bunga 2020-yilning 9 va 11-may kunlari Zarafshon shahrida koronavirus bilan kasallanishning yangi o‘choqlari yuzaga kelgani sabab bo‘lgan. Shu sababli Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi takliflarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga muvofiq, Navoiy viloyatining boshqa shahar va tumanlari toifasiga o‘zgartirish kiritmagan holda “sariq” toifada bo‘lgan Zarafshon shahrini “qizil” toifadagi hududga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Endi koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik holatdan kelib chiqib, “qizil” toifadagi hudud uchun muayyan faoliyat turlari yuzasidan belgilangan cheklovlar Zarafshon shahrida vaziyat (kamida 14 kun davomida) barqarorlashgunga qadar saqlanib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hududlar so‘nggi ikki haftadagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilmoqda. Xususan, 14 kun ichida koronavirusga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar “qizil”, koronavirusga chalingan shaxslar aniqlanmagan, biroq kasallikdan davolanayotganlar bo‘lgan hududlar “sariq”, 14 kun ichida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan va bemorlarning bari davolanib bo‘lgan hududlar “yashil” toifaga kiritiladi.
Izoh (0)