Doxa deklaratsiyasi doirasida yaratilgan “Zorblar” (The Zorbs) multiplikatsion seriali o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura akademiyasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Loyiha O‘zbekiston Bosh prokuratura akademiyasi, Xalq ta’limi vazirligi va Birlashgan Millatlar tashkilotining narkotiklar va jinoyatga qarshi kurashish bo‘yicha (UNODC) Markaziy Osiyodagi boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
“Zorblar” multiplikatsiyasi UNODC tomonidan 2016-yilda yaratilgan bo‘lib, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarda huquqiy ongni shakllantirish va huquqiy madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan.
Filmda bolalarga adolat tushunchasi, kiberxavfsizlik, inson huquqlari, haqiqatni gapirish to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalar beriladi. Shuningdek, mazkur multiplikatsion serialining o‘zbek va rus tilidagi variantlaridan “Tarbiya” darsligining 1—5-sinflar uchun multimedia ilovalarini yaratishda foydalaniladi.
Multiplikatsion serialni O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimiga kiruvchi telekanallar orqali namoyish etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Doxa deklaratsiyasi 2015-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyat va huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha 30-Kongressida qabul qilingan tashkilot Bosh Assambleyasining 70/174-sonli rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan. Deklaratsiyada tashkilotning jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, huquq ustuvorligini ta’minlovchi madaniyatni shakllantirishda bolalar va yoshlar ta’limining fundamental mohiyati tan olingan.
Izoh (0)