AQShda 5,1 milliondan ortiq odam COVID-19’ga tekshirildi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti Maykl Pensga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Ma’lumotlarga ko‘ra, 5,1 million amerikalik koronavirusga test topshirgan. Testdan o‘tkazish butun mamlakat bo‘ylab olib borilayotgani uchun kasallar sonida ham oshish kuzatiladi. Odamlar bu kabi raqamlardan tushkunlikka tushmasligi kerak. Biz shifoxonalarga, shuningdek, ularning qabul bo‘limlariga murojaatlar borasida ijobiy trendni kuzatmoqdamiz”, — deydi Pens.
Vitse-prezidentining ta’kidlashicha, yaqin haftalar ichida testlar o‘tkazish sezilarli darajada oshiriladi.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 889 ming kishidan, virus qurbonlari soni esa 51 ming kishidan oshib ketgan. Butun dunyo bo‘ylab esa COVID-19 oqibatida vafot etganlar soni 200 ming kishiga yaqinlashib qoldi.
Avvalroq AQShda koronavirusga qarshi o‘tkazilayotgan testlar soni keskin qisqargani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQShda koronavirusni davolash bo‘yicha 70 dan ortiq usullar sinovdan o‘tkazilmoqda. Rossiyada esa COVID-19 tashxisini qo‘yuvchi 17 ta test davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
Izoh (0)