Toshkentda 1-aprel kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan koronavirusga chalingan to‘rt nafar bemor butunlay sog‘ayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan edi. “O‘zbekiston 24” telekanali ularning ayrimlaridan qisqa intervyu oldi.
“Hammaga rahmat deb qolaman. Bizga shunchalik mehr berib qarashdi. Prezidentimizga rahmat aytaman. O‘zimni yaxshi his qilyapman, rosa xursandman. Xursandman juda ham”, — dedi koronavirusdan sog‘aygan qiz “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusdan sog‘aygan to‘rt kishining biri BAAning Dubay shahridan, yana biri Turkiyadan kelgan, qolgan ikki nafari esa koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan fuqarolardir. Shunday qilib, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘aygan bemorlar soni 12 nafarga yetdi.
Ma’lumot uchun, 2-aprel soat Toshkent vaqti bilan 9:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni jami 187 nafarga yetgan, ularning ikki nafari vafot etgan.
Izoh (0)