Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva butun dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi davrida ham o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan insonlarga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: “Daryo”

Butun dunyoda karantin. Bunaqasi hali bo‘lmagan, men eslay olmayman.

Bugun hayotimizda ro‘y berayotgan voqealarga boshqa rakursdan qaralsa, odamzod qayta tarbiyalanayotganga o‘xshaydi. Uning yuziga ko‘zgu tutilgandek go‘yo. Yaxshi bilan yomonni ajratib olish payti kelgandek. Alloh bizga sinov yuborib, o‘zimizni isloh qilishga, ko‘proq yaxshilik, ezgu ishlarni amalga oshirishga undayotgandek. Koronavirus odamlar o‘z oilasi, yaqinlari bilan birlashib, oqibatni kuchaytirishi, insof, diyonatni targ‘ib etishi uchun yuborilganga o‘xshaydi.

Shunday davrda hammani uyda qolishga chorlab, o‘zlari ishlashda davom etayotgan sotuvchi, kassir, dorixonalar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, harbiy, shifokor, uchuvchilar jamoalari, haydovchilar, novvoylar va eng asosiysi jurnalist va blogerlar – ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda elimiz uchun o‘z sog‘lig‘i, hayotini xavf ostiga qo‘ygan barcha fidoyi insonlar! Sizga boshimiz yerga tekkuncha ta’zimdamiz. Siz ham uyingizda o‘tirishingiz mumkin edi. Ammo siz xalq xizmatida bo‘lishni tanladingiz. Buning savobi juda katta bo‘lsa kerak.

Siz bor ekansiz, biz xavotir olmasak ham bo‘ladi. Ilohim bu sinov davridan birgalikda eson-omon o‘tib olaylik!

Saida Mirziyoyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 60 kishiga yetgan. Toshkent shahri hududi 24-martdan boshlab yopib qo‘yilgani, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgan, mahalliy aviaqatnovlar va respublika bo‘ylab poyezdlarda yo‘lovchi tashish to‘xtatilgan.