“Daryo” saytida  o‘tgan haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

So‘nggi yillarda xususiy bandlik agentliklari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paygani rost. Biroq ularning aksariyati ko‘rsatgan natija qoyil qolarli emas. Aniqrog‘i fuqaroni chuv tushirish hollari ko‘payib bormoqda. Xususan, o‘tgan haftada Human xususiy bandlik agentligi mashmashasi so‘nggi nuqtasiga bordi. Mingdan ortiq fuqaroga agentlik firib bergan. Fuqarolar bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashishni talab qilib Mustaqillik maydoniga to‘plandi. Shavkat Mirziyoyev Human agentligidan jabrlangan mingdan ortiq fuqaroning pullarini davlat hisobidan qaytarish haqida ko‘rsatma berdi. Agentlik chetga ishga joylashtirish va’dasi bilan fuqarolardan 6 milliondan 35 million so‘mgacha pul olgan. Endi bu pullarni davlat to‘lay boshladi.

Bu orada International Experience nomli yana bir agentlik fuqarolarni ishga joylayman deb, ishni katta qilib qo‘ygani ma’lum bo‘lgach, uning ham litsenziyasi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. O‘zbekistonliklarni 24 milliard so‘mga chuv tushirgan Korean and Migrations xususiy bandlik agentligiga oid tergov ishlari esa davom etmoqda. Abdulla Aripov barcha xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tugatish bo‘yicha prezidentga taklif kiritishini bildirdi.

* * *

17-fevralga o‘tar kechasi Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida mudhish voqea sodir bo‘ldi. Kottejda chiqqan yong‘in bir oilaning oltin nafar a’zosini hayotdan olib ketdi. Qurbonlar orasida ikki yashar go‘dak ham bo‘lgan. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziyasini bildirdi va dafn marosimlarida bosh-qosh bo‘ldi. 30 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Hokim yongan uyning tezda ta’mirlanishini va yong‘in vaqtida boshqa joyda bo‘lganligi uchun omon qolgan oilaning birgina a’zosi – 18 yashar qizni otalig‘iga olishini bildirdi.

* * *

O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi majlislar zalida Prezident Shavkat Mirziyoyevga “Ala-Too Ayimdari” (“Olatov xonimlari”) ekologik harakati tomonidan 2019-yil odami” unvonining berilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Mukofotni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhomjon Ne’matov qabul qilib oldi. Qirg‘izistonliklar o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini mustahkamlashda ko‘rsatgan xizmatlari uchun Shavkat Mirziyoyevdan minnatdordir.

Ta’kidlash joizki, Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatda birinchi marta “Yil odami” deb tan olinmayapti. 2019-yilda Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda “Yil odami” deb e’tirof qilingan.

* * *

Oltinsoy voqealari bu hafta ommaning diqqat nazaridan tushmadi. Hokimiyat vakillari va aholi o‘rtasidagi to‘qnashuv videosini ko‘rgan ham ko‘rdi, ko‘rmagan ham ko‘rdi. Bosh prokuraturaning yozishicha, mahalliy fuqarolar va ularning qarindoshlari qo‘llarida benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qurollangan holda ishchi guruh oldiga chiqqan; o‘rtada “qurolli” to‘qnashuv yuzaga kelgan, jarayonda ikki nafar IIB xodimi va bir fuqaro tan jarohati olgan.

Foto: “Daryo”

Voqea yuzasidan Bosh prokuratura bayonot bergach, tahlilchi va kuzatuvchilar hokimiyat baribir oddiy aholini aybdor qilayotganligini sezib qoldi. Shu asnoda deputat Alisher Qodirovning keskin bayonoti real hayotdagi mojaroni virtualga ko‘chirdi. Alisher Qodirov internetdagi postida Oltinsoydagi “bebosh fuqarolarni keskin jazolash”ni talab qildi. Post tagida boshlangan tanqidlarga esa deputatning “...Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli...” tarzida izoh qoldirishi alangaga sepilgan kerosindek ta’sir ko‘rsatdi.

Ammo “ko‘p go‘sht yeyish” iborasi bilan xalq og‘ziga tushgan O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Hayitovning fikricha, Oltinsoydagi voqealarda faqat “fuqarolarni ham ayblab bo‘lmaydi” va fuqaroga meni saylamagansiz deyish noto‘g‘ridir.

* * *

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga safar qildi. Qardosh davlatda dastavval Otaturkning qabrini ziyorat qilgan O‘zbekiston prezidenti so‘ngra Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan muzokara o‘tkazdi. Anqarada oliy darajadagi O‘zbekiston—Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda O‘zbekiston va Turkiya savdo vazirlari so‘zga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik rivoji to‘g‘risida batafsil axborot berdi. O‘zbekistonga sarmoya jalb etishni bosh maqsad qilib qo‘ygan Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekistonga kirgan kompaniya, albatta, manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman”, dedi. Shavkat Mirziyoyev safari yakuni oldidan Anqaradagi yangi kutubxona ochilishida ishtirok etdi va Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan birga kutubxonaga oilaviy tashrif buyurishdi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.