Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabrlangan fuqarolar bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuv tashkil etilishini talab qilib, 17-fevral, dushanba kuni, Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga to‘plandi. “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovning xabar berishicha, jabrlanuvchilar bandlik agentligi tomonidan ularga yetkazilgan zararni tezroq qoplab berilishini talab qilgan.

Foto: Muzaffar Abdullayev

Foto: Muzaffar Abdullayev

Agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev va boshqalar yuzlab fuqarolardan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Bolgariya va Litvaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6,3 million so‘mdan 35 million so‘mgacha pul olgan, biroq amalda ularni hech qayerga yubormay, juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan.

Agentlik rahbarlari xuddi shu ayblov bilan sudga tortilgan, xususan, 27-yanvarda Human xususiy bandlik agentligining rahbari Shohnur Fayzullayev 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Sud 1 080 nafardan ortiq jabrlanuvchi foydasiga 21,19 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararni Shohnur Fayzullayev hisobidan undirishni belgilagan edi.

Foto: Muzaffar Abdullayev

Foto: Muzaffar Abdullayev

17-fevral kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga to‘plangan fuqarolar tergov va sudning yakunini kuta olmasligi, ishsiz qolgani, ayrimlarining uyda bolalari och o‘tirganini ta’kidlagan. Ular davlat tomonidan litsenziya berilganiga ishonib, xususiy agentlikka pul topshirgani, shu bois, endi davlat zararni qoplashda yordam ko‘rsatishi kerakligini aytgan.

Kunning birinchi yarmida e’tiroz bilan kelgan fuqarolar bilan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov uchrashgan. U fuqarolarni xotirjamlikka chaqirib, barcha ziddiyatli masalalarga qonuniy baho berilishi, ishni tartib bilan ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. Shuningdek, u soat 17:00 da qo‘shimcha uchrashuv o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Foto: Muzaffar Abdullayev

Foto: Muzaffar Abdullayev

Soat 17:00 dagi uchrashuvda Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolar bilan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov uchrashdi va savollarga javob qaytardi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov. Bosh vazir yuzaga kelgan holat yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot berilganini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, bosh vazirning ta’kidlashicha, Prezident 1086 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasidan qoplab berishga ko‘rsatma bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, jamg‘arma hisobidan ajratilgan pullar fuqarolardan firibgarlik yo‘li bilan olingan mablag‘lar hisobidan undirib olinadi. Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71 200 00 61 ishonch telefoni orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukrainaning uchta elchixonasiga tahdidli xatlar yuborilgan — Ukraina tashqi ishlar vaziri
Mahalliy
O‘zbekistonda 1-dekabr kuni barcha hududlarda koronavirus qayd etildi
Dunyo
Fidel Kastroning yashirin hayoti, o‘zini imperator deb e’lon qilgan Napoleon va “kokain baroni” Eskobarning o‘ldirilishi. Kun xronologiyasida 2-dekabr