Xitoyning Uxan shahridan jahon bo‘ylab tobora tarqalib borayotgan koronavirus haqidagi xabarlar fonida o‘zbekistonliklar orasida niqob taqib yurish ko‘paymoqda. Bu esa tabiiyki O‘zbekistonda tibbiy himoya niqoblariga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.

Niqobga bo‘lgan talab, yetishmovchiliklar va qimmatlab ketishi sabablarini o‘rganish maqsadida “Daryo” muxbirlari Toshkent shahrida joylashgan bir nechta dorixona xodimlaridan izoh oldi.

Asosan chet el fuqarolari sotib olmoqda

Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan dorixonalardan birining farmatsevtiga ko‘ra, virus haqida shov-shuvlar ko‘tarilishidan bir kun avval ham tibbiy niqob 500 so‘mdan sotilgan: “Ochig‘i, koronavirus haqida xabarlar ko‘paygandan beri shunaqa qimmat sotilish boshlandi. Chunki talab katta. Maktablarda ham maska bilan yurish talab qilinyapti. Shu sababli ham bolalar ko‘p sotib olyapti”.

Foto: “Daryo”

Boshqa bir dorixonada “Maskalarni maktab o‘quvchilari taqish shart qilib qo‘yilganidan keyin asosan ota-onalar xarid qilmoqda”, shuningdek, “Yonimizda bolalar shifoxonasi bor. U yerga ham niqobsiz kirishga ruxsat yo‘q. Shu bois, bolalarga ota-onalari niqob olishga majbur bo‘lyapti. Topolmasa, sharfni bog‘lab kirib chiqishyapti”, — deb izoh berdi xodim.

“Dori-darmon” jamiyatining farm-market bo‘limi boshlig‘i Orifxon Boqiboyev “Daryo” bilan suhbatda talab katta bo‘lgani uchun jamiyat dorixonalar tarmog‘ida niqoblar tez tugab qolayotganini, talabni ko‘rib farmatsevtikadan xabari bo‘lmagan odamlar ham niqob oldi-sotdisiga aralashayotgani haqida ma’lum qilgan. “Niqob arzon sotiladigan dorixonalardan yig‘ib olib, tashqarida qimmatroqqa sotilayotgan holatlar ham bo‘lmoqda”, — deydi Orifxon Boqiboyev.

Foto: “Daryo”

Olmazor tumanidagi yana bir dorixona niqoblarni ko‘proq korxonalar ulgurji xarid qilayotgani, mahalliy aholi vakillari esa bittada ko‘pi bilan 10—15 ta olayotganini bildirdi.

Narxlar bir necha bor qimmatlagan

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentdagi bir dorixona kuniga 100 tadan 700 donagacha niqob sotmoqda.

“Koronavirus epidemiyasi tarqalmasidan oldin kuniga 15—20 dona niqob sotardik. Oxirgi bir oy ichida esa sutkasiga 500 tagacha sotayapmiz. Talab ortgani sari niqoblar narxi ham kun sayin qimmatlashmoqda. Shu kunlarda bizga firmalar tomonidan 1500 so‘mdan yetkazib berilayotgan niqoblarni xaridorlar 1800 so‘mdan olib ketishyapti. Ba’zi joylarda hatto 3000 so‘mdan ham sotilayotganini eshityapmiz. Avval 200—300 so‘mdan olib, 500 so‘mdan sotardik. Koronavirus sababli firmalardan yuqori narxlarda qabul qilyapmiz, ilojsizmiz”, — deydi dorixona xodimi.

“Dori-darmon” vakili Orifxon Boqiboyevning ta’kidlashicha, bozor iqtisodiyotidan kelib chiqilganda, nimaga ko‘proq talab bo‘lsa, shu narsa qimmatlashadi: “Bir hafta avval bizning tizimdagi dorixonalarda tibbiy niqoblar 800 so‘mdan sotildi. Avvallari 500 so‘mdan sotardik. Hozirgi kunda esa 1250 so‘mdan sotyapmiz. Ishlab chiqaruvchilarning o‘zi narxni ko‘tarib yubormoqda. Bu aholida ham e’tirozlar uyg‘otmoqda, chunki kecha 1000 so‘mdan sotgan narsamizni bugun 1250 so‘mdan sotsak, ‘Nega bunday, nima asosda narxlarni ko‘tarib qo‘ymoqdasizlar?’ deya e’tirozli savollar berilmoqda”.

Foto: “Daryo”

“Avvallari bir martalik havorang, pushti rangli niqoblar 500 so‘mdan, qoralari 2 barobar qimmat — 1000 so‘mdan sotilardi. Hozir 1500 so‘mdan sotyapmiz. Dokali niqoblar materialiga qarab, 1500 dan 15 000 so‘mgacha sotilyapti”, — deydi Chilonzor tumanidagi dorixonalardan birining farmatsevti.

Yana bir dorixonada talab ko‘paygani sabab dorixonalar niqob narxini oshirib yuborayotgani haqidagi gaplarni rad etdi: “Chunki har bir dorixona mahsulotlarga 20 foizdan ortiq qo‘yib sotishi mumkin emas. Javobgarligi bor. Shuning uchun biz o‘z me’yorida sotayotgandik. Lekin bizda ham niqoblar tugadi”.

“Havoni yaxshi tozalab, o‘tkazadigan qimmat narxdagi niqoblarni ko‘pchilik so‘rab kelmoqda. Ammo bizda undan yo‘q. Faqat 1800 so‘mlik oddiy niqoblarni sotyapmiz”, — dedi boshqa bir dorixona vakili.

Foto: “Daryo”

Olmazor tumanidagi yana bir dorixona xodimiga yuzlaganimizda, niqoblar avvalgiga nisbatan ancha qimmat sotilayotganini bildirdi: “Dokali niqoblar 1500 so‘mdan edi. Talab kuchaygandan beri 2000 so‘mdan sotish boshlandi. Tobora niqobga talab oshganidan va ko‘p joyda yo‘qligidan narxi ko‘tarilib ketyapti. O‘tgan hafta juda ko‘pchilik so‘rab kelgandi. Hozir unchalik emas. Eshitishimcha, hatto isiriqning ham narxi oshib ketibdi”.

Ko‘plab dorixonalarda niqob qolmagan

Dorixona sotuvchilarining ko‘pchiligi niqoblar qolmagani va bunga bir necha kun bo‘lganini aytib o‘tdi.

“Uch kundan beri niqoblar kelmayapti, topolmayapmiz. Doimiy yetkazib beruvchi firmalarda ham yo‘q ekan. Bilishimcha, 99 foiz niqoblar O‘zbekistonga Xitoydan import qilinadi. Koronavirus sabab Xitoy hozir o‘z aholisini niqob bilan ta’minlay olmayapti. Sotganlarini ham yana o‘ziga qaytarib olyapti. Dori sotuvchi firmalar bizga bergandan ko‘ra, xitoyliklarga 5—6 barobar sotishni afzal bilyapti, shekilli. Shuning uchun ko‘p dorixonalarda niqob qolmagan. Borlari ham oshirib sotilyapti”, — deydi Olmazor tumanida joylashgan dorixona xodimi.

Foto: “Daryo”

Olmazor tumanida joylashgan bolalar shifoxonasi oldidagi dorixona farmatsevtiga ko‘ra, dorixona hamma niqoblarni sotib bo‘lgan. “Yetkazib beruvchilar 1200 so‘mdan beraman, deyapti. Keyin ‘o‘tarmikin’, deb o‘ylanib turibman. Bitta odamga 5 tadan ko‘p sotmayapmiz. O‘qituvchilar 50—60 talab olib ketmoqda. O‘rtacha 1000 so‘mdan sotilsa, odamlarga foydaliroq. Ming so‘mdan ham sotishmoqda, lekin sifatini ko‘rish kerak. 800 so‘mligini ko‘rdim, ammo u juda sifatsiz va yupqa matodan ishlangan ekan”.

Toshkentning yangi ToshMI yonida joylashgan dorixonalardan birining xodimi shunday dedi: “So‘nggi paytlarda asosan Hindiston, Turkiya va Koreyada ishlab chiqarilgan “maska”lar sotyapmiz. O‘zbekiston mahsulotlari esa bizga yetib kelmayapti. Eshitishimizcha, barchasi eksport qilinyapti ekan. Bizda ham niqoblar bir hafta oldin tugagan. Firmalar yetkazib berolmayapti. Firmalardan so‘rayapmiz. Lekin ular ham hali olib kelmadik, deb javob berishyapti. Balki yaqin o‘rtada kelib qolar. Bir haftadan beri niqoblar kelishini kutyapmiz”.

Foydalanish normasi qanday?

“Dori-darmon” jamiyatining farm-market bo‘limi boshlig‘i Orifxon Boqiboyevning aytishicha, niqoblar faqat rangi bilan farqlanadi, xolos. Odamlarni tibbiy niqoblar taqishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun ishlab chiqaruvchilar ularni rangli qilib ishlamoqda.

“Bir martalik niqoblarni 3 soatgcha taqsa bo‘ladi, dokalini esa yuvib qayta ishlatish mumkin. Bir martalik niqoblarning havo o‘tkazuvchanligi yaxshi bo‘lmaganligi uchun nafas olish qiyinroq. Dokali niqoblarda esa aksincha havo yaxshi aylanadi. Kechgacha bitta niqobda yurib bo‘lmaydi, vaqti bilan almashtirib turilishi kerak. Bir martalik niqobning ham turi ko‘p. Qanday matodan tayyorlanganiga qarab turlarga bo‘linadi, ya’ni foydalangan materialning qalinligi va havo o‘tkazuvchanligiga bog‘liq. Dokadan qilingan himoya niqobini sovun bilan yuvib, qurigandan so‘ng dazmollab, yana qayta foydalanish mumkin”, — dedi Orifxon Boqiboyev.

Tibbiy niqoblar narxini oshirgan dorixonalar yopiladi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘z vakolatlari doirasida dorixonalarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishini ma’lum qilib, farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Xitoyda tarqalgan koronavirusdan vafot etganlar soni 565 kishiga yetib, kasallanganlar soni 28 ming kishidan oshib ketdi. Hozircha infeksiyadan tuzalgan bemorlarning soni 911 kishini tashkil qilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi O‘zbekistonda infeksiya aniqlanmagani haqida ma’lum qildi.