Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norbayeva Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan mahalliy kengash deputatlari bilan uchrashuvda vakillik va ijro hokimiyati idoralari faoliyatini takomillashtirishning aniq mexanizmlariga urg‘u berdi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Senat axborot xizmati

— Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim, — dedi Tanzila Norboyeva. — Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi.

Senat raisi deputatlar o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib olishlari uchun ishlab chiqilgan targ‘ibot materiallarini taqdim etdi. Aniq misollar asosida qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi. Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha eng samarali takliflar aynan hududlarda shakllantirilishi lozimligi qayd etildi.

Tanzila Norboyeva yoshlar, xotin-qizlar, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash, raqamli iqtisodiyotni tatbiq etish borasidagi dolzarb masalalar mahalliy kengashlarning doimiy kun tartibida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.