O‘zbekistonda yana “Sportloto” lotereyasi paydo bo‘ladi. Bu Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish hamda ommaviylashtirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar beradi Spot.
Bundan ko‘zda tutilgan maqsad sportni qo‘shimcha moliyalashtirish tizimini sport lotereyalari tashkillash orqali kengaytirish ekanligi ta’kidlangan.
Hujjatda kompaniyalar tomonidan sport lotereyalari o‘ynalishidan olingan daromadning 10 foizigacha budjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi belgilangan.
Farmon ilovasida joriy yil 15-noyabrga qadar “Sportloto” lotereyasi o‘tkazilishini ta’minlash topshirilgan. Bunga Jismoniy tarbiya va sport, Moliya vazirliklari hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi mas’ul etib belgilangan.
Lotereyadan tushgan pullar sportni yanada rivojlantirish dasturlariga sarflanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2010-yili “Sportloto” lotereyalari faoliyati to‘xtatilgan edi.
Izoh (0)