“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhi. Haftaning eng asosiy voqealari, shubhasiz, prezidentning parlamentga murojaati hamda olimpiadachilarimiz mag‘lubiyati bo‘ldi. Demak, boshladik.
O‘zbekistonda eng ko‘p muhokama va tanqid qilinadigan hokim kimligi so‘ralsa, hech ikkilanmasdan Farg‘ona hokimi tilga olinadi. Hatto o‘z viloyati hokimini tanimaydiganlar ham Shuhrat G‘aniyevning qiyofasi va ovozini biladi. Yaqinda lavozimiga qayta tayinlangan Farg‘ona hokimi bu hafta ichida yana tanqidlar ostida qoldi. Shu kunlarda Farg‘onaning Cho‘ng‘arasiga tashrif buyurgan janob G‘aniyevni atlas ko‘ylakli qizaloq non bilan kutib olgan. Hokim va safdoshlari qalin kiyimda, qizcha esa yupqa atlas ko‘ylakda turgani ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirdi. Yuzlab tanqidiy post va izohlar yozilgach, hokimlik matbuot xizmati munosabat bildirib, qizcha atigi ikki daqiqa ochiq havoga chiqqanini yozdi.
Biroq qishda yupqa kiyimda qizlarni terib qo‘yib mehmon kuttirilgan qizlar boshqa yerda yo‘qmi? Hajviy kanal “Troll.uz” darhol “Buxoro viloyati hokimidan Farg‘ona viloyati hokimiga otvet! Farg‘onada bitta qiz bo‘lsa, Buxoroda 30 nafar qiz! Savol: Qish kuni, oddiy bozor ochilishida sovuq qotib turgan qizlar qo‘lini ko‘ksida tutib turishining nima keragi bor?” deb post yozib, fotosuratlarini ilova qildi. Ko‘p o‘tmay internet fuqarolari O‘zbekistonning eng yaxshi hokimi deb tanlagan Erkinjon Turdimovning ham qishda atlas kiygan qizlar davrasida tushgan fotosurati tarqalib ketdi. Bloger va jurnalist Bahodirxon Eliboyev bu odat qadimda podshohlar muxolifini qarshi olish an’anasiga taqalishini, hozir bu urfga ehtiyoj qolmaganligini yozib ayollarning qadrini pasaytiruvchi bu odatdan voz kechishga chaqirdi.
* * *
Chet elda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni yana o‘n bir nafarga oshgani haftaning qora sahifalariga yozildi. Tomsk viloyatidagi posyolkada yong‘in chiqib, o‘n bir nafar o‘zbekistonlik kuyib ketdi. Ular bir qavatli yog‘och uyda yashardi. Aksariyati Navoiy viloyatidan bo‘lgan mehnat muhojirlarimizning jasadi tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan. Shavkat Mirziyoyev Tomskdagi yong‘in yuzasidan hukumat komissiyasini tuzishga ko‘rsatma berdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Tomskdagi yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar oilalariga hamdardlik bildirdi. Ramzan Qodirov O‘zbekiston prezidentiga hamdardlik bildirdi. O‘zbekiston rasmiylari Tomsk shahriga yetib borib fojia sabablarini o‘rganishga kirishdi. Bugun, yakshanba kuni marhumlarning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hanuz Rossiya Federatsiyasida eng himoyasiz quyi qatlam bo‘lib qolmoqda. Ularni himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar aksariyat hollarda samara bermayotir. Xususan, mehnat muhojirlarini arzon transport bilan ta’minlash va’dasi ham amalga oshgani yo‘q.
* * *
Xitoyda yangi turdagi virusdan odamlar qurbon bo‘layotgani xabari yanvarning boshlarida tarqalgandi. Biroq bu hafta virus xavotiri kuchliroq fazasiga kirdi. Koronavirus xabari “Daryo” sahifalaridan bo‘shamay qoldi. Virus tarqalgan Xitoyning Uxan shahrida karantin joriy etildi. Uxan va unga yondosh shaharlardagi o‘zbekistonlik talabalar xavotiri ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi. Tashqi ishlar vazirligi Uxan shahrida 250 nafarga yaqin vatandoshlarimiz borligini ma’lum qilib, ularga huquqiy yordam va tushuntirish ishlari olib borilayotganligini bildirdi.
Biroq Xitoy O‘zbekistonning eng yaqin hamkorlaridan ekani bois ikki mamlakat o‘rtasida tig‘iz aloqalar virus tarqalishi xavotirlarini orttirmasdan qolmadi. Bu orada qo‘shni Tojikiston Xitoy bilan aviaparvozlarni to‘xtatdi.
Virus xavfi O‘zbekistonda ham avj olishi ortidan “Daryo” muxbiri “Virusning o‘zi Xitoyda, lekin barcha vahimasi O‘zbekistonda bo‘lyapti” xabarini tayyorlab, voqealarni batafsil sharhlashga urindi. Biroq kechaning o‘zidayoq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Uxandagi vatandoshlar O‘zbekistonga olib kelinishi haqida bayonot berdi.
* * *
24-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaat qildi. Prezident murojaatda ko‘plab dolzarb masalalarga to‘xtaldi. U nutqida 2020-yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif qildi. Murojaat qisqa satrlarda:
- 2020-yilga “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” nomi beriladi;
- Oliy o‘quv yurtlarida davlat grantlari ikki barobar ko‘paytiriladi. Qizlar uchun oliy o‘quv yurtlarida alohida grant o‘rinlari ajratiladi;
- Oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar ikki barobar qisqartiriladi;
- Oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy va akademik mustaqillik beriladi;
- “Raqamli O‘zbekiston — 2030” dasturi ishlab chiqiladi. Raqamlashtirish, axborot texnologiyalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi, har bir vazirlik va idoralarda ham hamda hokimliklarda rahbar o‘rinbosari lavozimlari joriy etiladi;
- Propiska tizimi, banklar va geologiya sohasi isloh etiladi;
- Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi;
- 1995-yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotganlarga avtomatik tarzda fuqarolik beriladi.
* * *
“Soyadagi iqtisodiyot” nomli tushuncha mavjud bo‘lib, u jamiyat va davlatdan yashiriladigan, nazoratdan chetdagi iqtisodiy faoliyatni anglatadi. Kecha, 25-yanvar kuni Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov prezidentning raqamli iqtisodiyot yaratish taklifi borasida gapirar ekan, “xufiyona iqtisodiyot bugungi kunda har xil baholarga ko‘ra bizning milliy iqtisodiyotimizning 45 foiziga teng”, deb aytdi. Vazirning aytishicha, endi elektron hisob-fakturalar joriy etilishi bilan bunga chek qo‘yiladi.
Xo‘sh, xufyona iqtisodiyot milliy iqtisodiyotning 45 foizini tashkil etgunicha nega hukumat va mutasaddi vazirlik qarab turgan? Bunga javob yo‘q, biroq Jamshid Qo‘chqorovning bayonoti ham katta yangilik emas. 2019-yilning 22-iyulida iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev “bugungi kunda O‘zbekistonning xufyona iqtisodiyot darajasi taxminan 45—46 foizni tashkil etmoqda”, degandi. 2018-yil yanvarida esa iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufyona iqtisodiyotning ulushini 50 foizdan ortiq deb baholagan.
* * *
Kecha Tailandda o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionati-U23 musobaqasining 3-o‘rin uchun o‘yini yakunlandi. Yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Avstraliya hamda O‘zbekiston jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda avstraliyaliklar g‘alaba qozondi. Muxlislar ta’biri bilan aytganda, “juda qizg‘anchiq o‘yin ko‘rsatgan” futbolchilarimiz taqdirini birgina gol hal qildi.
Shu tariqa 3-o‘rin uchun o‘yinda g‘alaba qozongan Avstraliya Tokio-2020 olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yoshlardan muxlislarning umidi katta edi, biroq yana daryoning oldiga borib suv ichmasdan qaytish nasib qildi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.
Izoh (0)