Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Tomsk viloyatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar oilasiga va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ta’ziya bildirdi.

Foto: Chechnyatoday.com

“Tomsk viloyatida fojia yuz berdi. Hodisa oqibatida 10 nafar O‘zbekiston fuqarolari vafot etdi. Bu ularning qarindosh va yaqinlari uchun katta yo‘qotish. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va qurbon bo‘lganlarning oilalariga chuqur ta’ziya izhor qilaman. Alloh ularni rahmat qilsin”, — deb yozgan Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, 21-yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 00:05 da Rossiyaning Tomsk viloyati Asino tumani Prichulimskiy aholi yashash punkti Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli yog‘ochdan qurilgan uyda yong‘in sodir bo‘lgan. Ushbu xonadonda 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi yashagan. Ulardan 10 nafari voqea joyida halok bo‘lgan va ikki nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ular “Grinvud” yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lgan. Shuningdek, yong‘inda bir nafar rus ayoli ham vafot etgan.