Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasi vaqtida 2019-yil — “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishilganini ta’kidladi.

Xususan, maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlar natijasida 2019-yilda 5 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi.

“Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi”, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020-yilda 60 foizga yetkazish uchun budjetdan qariyb 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.