Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44
Telegram’dagi “Tashqarida” kanalida AQSh va Eron o‘rtasidagi so‘nggi kunlarda ayniqsa keskinlashgan munosabatlar haqida maqola e’lon qilindi. Bu va kanalda undan avval e’lon qilingan proksi urushlar haqidagi maqola bilan to‘liq quyida tanishish mumkin.

Urush muqarrarmi?

AQSh raketa zarbasi oqibatida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniy va Mahdi al-Muhandis tobutlari.

AQSh raketa zarbasi oqibatida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniy va Mahdi al-Muhandis tobutlari.
Foto: ISNA
Trampning kutilmagan qarori Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada jiddiylashtirdi: 3-yanvar kuni AQSh dronlari Bag‘dod aeroporti yaqinida Eronning Islomiy inqilob muhofizlari korpusining xorijdagi operatsiyalarga mas’ul qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘tirgan mashinalarga zarba berdi. General bilan birga AQSh elchixonasiga hujum qilgan guruh rahbari ham halok bo‘ldi.Sulaymoniy Eronning eng qudratli shaxslaridan biri bo‘lib, xorijdagi harbiy operatsiyalar uchun javob berar va, avval aytilganidek, proksi guruhlarga tayanishni yaxshi ko‘rardi. Afg‘onistonda “Tolibon”ga qarshi kurashda, Iroqda Saddam Husaynni ag‘darishda AQSh bilan hamkorlik qilgan, shundan keyin Vashington uni amerikalik askarlar halok bo‘lishida ayblab, munosabatlari yomonlashgan.

Keyinchalik, Suriyada urush boshlangach, prezident Asadning bunchalik uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatishiga katta hissa qo‘shgan va G‘arbning asosiy dushmanlaridan biriga aylangan. IShID paydo bo‘lgach, Iroqda yarimharbiy guruhlar tuzilishiga bosh bo‘lib, terrorchilik tashkilotini yengishga boshchilik qilgan.

Yamanda boshlagan urushda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya va ularni qo‘llab-quvvatlagan AQShga qarshilik ko‘rsatdi. Shuningdek, Iroqda IShID yengilgach bekor qolgan guruhlar yordamida Eronning ta’sirini oshirishda davom etdi. Aynan shu ta’sirga qarshi Bag‘dodda bir necha oydan buyon namoyishlar davom etayotgandi, bu orada AQSh bilan mojaro kelib chiqdi.

AQShning avvalgi prezidentlari — kichik Jorj Bush va Barak Obamada ham, Vashingtonning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi Isroilda ham bir necha bor Sulaymoniyni o‘ldirish imkoni bo‘lgan, biroq ochiq urush boshlanishi xavfi borligi tufayli ular bunga jur’at etmagan edi. Trampga esa jur’at shart emas.

Xo‘sh, endi ochiq urush boshlanishi ehtimoli qanchalik yuqori? Albatta, shu paytgacha bo‘lgan eng yuqori darajada. Biroq, avval aytilganidek, qudratli davlatlarning o‘zaro urushlari yirik halokatlarga olib kelishi aniqligi tufayli, ular proksi urushlarni ma’qul ko‘rmoqda.

Vaziyat qanchalik jiddiy bo‘lmasin, Eron AQShga urush ochib, o‘zini o‘zi cho‘g‘ga otishi ehtimoli yo‘q hisobi. AQSh ham misli ko‘rilmagan xarajatlarga olib keladigan bunday urushni boshlamaydi. Shunday ekan, Eronning proksi guruhlari Yaqin Sharqdagi AQSh obyektlari va rasmiylariga nisbatan hujumlarini jiddiy kuchaytirishini kutish mumkin.
“Tashqarida” kanalida 2-yanvar kuni ham AQSh—Eron munosabatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilingan edi.

Bag‘dodda nima gap?

AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum vaqtida.

AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum vaqtida.
Foto: Associated Press

Qudratli davlatlarning o‘zaro urushi katta falokatlarga olib kelishi ma’lum bo‘lganidan buyon — Ikkinchi Jahon urushi yakunidan keyin bunday urushlar o‘rnini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan, proksi urushlar va mojarolar egalladi. Bunda ikki davlat bir-biri bilan urushmay, uchinchi davlatdagi bir-biri bilan mojarodagi turli kuchlarni qo‘llab-quvvatlash orqali harakatlanadi.

Bu yadroviy mojaro ehtimoli yuqori bo‘lgan “Sovuq urush” davrida ayniqsa keng tarqalgan edi — AQSh va SSSR ko‘plab urushlarda qarama-qarshi tomonlarni qo‘llab-quvvatlab qatnashdi (Koreya, Vyetnam — eng mashhurlari). Afg‘onistondagi proksi urush natijasida so‘nggi 40 yillikning eng katta muammolaridan biri — “Tolibon” harakati vujudga keldi.

2003-yilda AQSh bostirib kirganidan keyin parokanda davlatga aylanib qolgan Iroq hozirga kelib proksi urush uchun eng asosiy hududlardan biriga aylangan. Bu yerda asosiy kurash bir tomondan AQSh, ikkinchi tomondan butun dunyoda unchalik bo‘lmasa ham, Yaqin Sharqning aynan shu qismida katta qudratga ega Eron o‘rtasida kechadi.

Qiziqarlisi, Eronni Iroqdagi jarayonlarga aralashishga AQShning o‘zi qattiq harakat qilib ko‘ndirgan. Gap shundaki, Iroqdagi harbiy kampaniyaning 5—6-yilidan keyin muvaffafiyatdan asar ham bo‘lmagach, Vashington aholisining katta qismi shialar bo‘lgan mamlakatga Eronni jalb qilibgina doimiy harbiy harakatlarni to‘xtatishga erishgan, Tehronning mehnatlari evaziga Iroqda yetarlicha ta’sirga ega bo‘lishiga ham rozi bo‘lgan edi.

Keyinchalik ushbu kampaniyaning bevosita natijasi o‘laroq Iroqda vujudga kelgan va Suriya hududiga ham tarqalgan IShID terrorchilik tashkilotiga qarshi kurashda AQSh va Eron yana hamkorlik qilishiga to‘g‘ri keldi. Bu safar Iroq markazi va shimolini terrorchilardan tozalash uchun Eron qo‘llab-quvvatlagan 30 dan ortiq partizanlik guruhlari yerdan hujumlar bilan shug‘ullangan bo‘lsa, AQSh havodan zarbalar orqali yordam berdi.

IShID yengilgach, AQSh harbiy ishtirokini sezilarli kamaytirdi, biroq Eron homiyligidagi yarimharbiy guruhlar hech qayerga ketib qolmadi. Ular shunchalik kuchayganidan, bemalol hukumat harbiy bazasiga hujum qilishimiz mumkin, deb hisoblaydigan darajaga keldi. Va shunday hujum paytida bir nafar Amerika fuqarosini o‘ldirib qo‘ydi.

Amerika fuqarosini o‘ldirish esa yaxshilikka olib kelmaydi. Ayniqsa AQSh harbiylari bor mamlakatda. Ayniqsa bunday guruhlar tomonidan. AQSh ham Iroqdagi bunday harakatni bemalol jazolashimiz mumkin, deb hisobladi. Shunday qilib, Vashington harbiy samolyotlarining hujumda ayblangan guruh qarorgohiga hujumi natijasida 20—30 nafar odam halok bo‘ldi.

Natijada 31-dekabr kuni guruh a’zolari Bag‘doddagi AQSh elchixonasini qamal qilib, bir darvozadan bostirib kirishga ham erishdi. Hujum 1-yanvar kuni ham kichikroq miqyosda davom etdi, Iroq bosh vaziri AQShning harbiy harakatlari qonun bilan cheklanishini va’da qilgachgina to‘xtadi.

Bu vaziyatda qiziqarlisi — yarimharbiy guruh a’zolarining AQSh elchixonasiga kelib, bostirib kira olgani. Ular yetarlicha mustaqil bo‘lsa ham, Iroq xavfsizlik kuchlari nazorati ostida turadi — shu paytgacha ularni elchixona devorlari tugul, uni o‘rab turgan bir necha kilometr kenglikdagi yashil halqaga ham yaqinlashtirishmagan, bu safar esa indashmadi.

Bu Eronning Iroqdagi ta’siri yarimharbiy guruhlar bilan cheklanmagani, hukumat/xavfsizlik kuchlari ham AQSh elchixonasiga yo‘l ochib beradigan darajaga yetganini anglatadi. Yaxshiyamki, 40 yil oldingi Tehrondagi va besh yil oldingi Beng‘ozidagi AQSh diplomatik vakolatxonalariga hujumlardan farqli ravishda, vaziyat asirlarsiz va qurbonlarsiz yakunlandi.

Ushbu jiddiy hodisa tufayli AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 2020-yil boshida Markaziy Osiyo va Ukraina rejalashtirgan safarlarini noma’lum muddatga qoldirdi. Ushbu mamlakatlar Tehronning yaqin ittifoqchisi — Rossiya uchun muhimligiga qaralsa, yana bir proksi o‘yin alomatini ko‘rish mumkin. Ammo buning uchun jiddiy isbotlar zarur.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rivojlanayotgan davlatlar uchun falokat: AQSH va Yevropa o‘rtasida savdo urushi bo‘lishi kutilyapti
Mahalliy
Farg‘ona va Namangan aeroportlarini quyuq tuman qopladi, reyslar kechikadigan bo‘ldi
Mahalliy
Qoraqalpog‘istonda YPX xodimi radar o‘rnatilgan mashinasida taksichilik qilgani aytilmoqda (video)