AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo boshliq Amerika delegatsiyasining 5—6-yanvar kunlariga rejalashtirilgan Toshkentga tashrifi boshqa sanaga qoldirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“O‘zaro kelishuvga binoan, 2020-yil 5—6-yanvar kunlariga rejalashtirilgan AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va Toshkent shahridagi ‘Markaziy Osiyo—AQSh’ (C5 + 1) formatidagi vazirlar uchrashuvi boshqa sanaga qoldirildi”, — deyiladi TIV axborotida.
Vazirlik matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, tashrifning aniq sanalari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
Ma’lumot uchun, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 31-dekabr kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Bag‘doddagi Amerika elchixonasi oldida bo‘layotgan voqealar sababli yanvar oyi boshida Ukraina, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Kiprga rejalashtirgan safarlarini qoldirishi mumkinligini ta’kidlab o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, 5—6-yanvar kunlariga rejalashtirilgan tashrif doirasida Mayk Pompeo Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan edi.