O‘zbekistondagi ayrim banklar tomonidan mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi, deb yozmoqda Markaziy bank matbuot xizmati.
Xususan, “Ipoteka bank” bilan fuqaro D.N. o‘rtasida 2018-yilda uy-joy sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ushbu ipoteka krediti qarz oluvchiga yillik 9 (to‘qqiz) foiz stavka bilan ajratilgan. Biroq “Ipoteka bank” kredit shartnomasi shartlariga amal qilmasdan, qarz oluvchiga kreditdan foydalanganligi uchun yillik 16 (o‘n olti) foiz stavkasida foiz hisoblagan.
Bundan tashqari, “Agrobank” tomonidan fuqaro A.O.ga tegishli bo‘lgan bank kartasi orqali operatsiyalar amalga oshirilishi asossiz ravishda to‘xtatib qo‘yilgan va ushbu fakt haqida fuqaroga xabar berilmagan.
Qayd etilishicha, Markaziy bank tomonidan iste’molchilarning huquqlarini tiklash bilan bir qatorda ularning huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan ham javobgarlik choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, bank xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun “Ipoteka bank” va “Agrobank”dan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining 57-moddasiga muvofiq jarima undirilgan.
“Bank xizmatlari iste’molchilari o‘z huquq va qonuniy manfaatlari banklar tomonidan buzilgan taqdirda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona ‘Ishonch telefoni’ orqali murojaat etishlari mumkin”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Izoh (0)