Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida dunyoning 31 mamlakatidan kelgan 310 nafardan ortiq ishbilarmonlar, nufuzli kompaniyalar va investitsiya fondlari vakillari ishtirokida Invest in Samarkand birinchi Xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, forumda Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, AQSh, Italiya, Isroil, Rossiya, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston va boshqa davlat ishbilarmonlari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida so‘z olgan Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov ishtirokchilarni samimiy qutlab, mavjud investitsion salohiyatga to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur forum Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investorlarni hudud imkoniyati va salohiyati bilan tanishtirishga qaratilgan.
Forum doirasida viloyat ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy ko‘rgazmasi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Izoh (0)