Chiroqchi tumani “Langar” MFY Tutli qishlog‘ida yashovchi oilaning 7 nafar a’zosi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasidan zaharlanib, viloyat markazidagi shifoxonalarga yotqizilgan edi.
SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 18-noyabr kuni soat taxminan 08:00 atrofida mazkur oila boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i Yu.U. vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga “Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi” tashxisi qo‘yilgan edi. Ko‘rsatilayotgan malakali tibbiy xizmatga qaramasdan ayni paytda ota va katta o‘g‘ilning ahvoli ham o‘ta og‘irligicha qolmoqda. Ular sun’iy nafas oldirish apparatida saqlanmoqda.“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, oilaning barcha a’zolari komada ekanligi haqidagi xabarlar esa asossiz. Shifokorlar bemorlar hayoti uchun kurashmoqda. Ayni paytda oilaning qolgan to‘rt nafar a’zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)