Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, 19-oktabr kuni soat 17:30 da B.D. va tanishlari A.A. hamda “I” ismli shaxslar bilan ko‘chada ketayotgan N.H.ga tegishli 500 000 so‘mlik Samsung Galaxy A6 telefonini qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida olib A.A.ga tegishli Nexia-2 avtomashinasida hodisa joyidan yashiringan.

Foto: Tergov departamenti matbuot xizmati

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida B.D. va A.A. ushlangan. Holat yuzasidan 30-oktabr, chorshanba kuni Mirobod tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida A.A. va B.D. muqaddam bir necha marotaba talonchilik jinoyatini sodir etganligi aniqlanib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (takroran sodir etilgan talonchilik) bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Shu bilan birga, hozirda “I” ismli noma’lum shaxsni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Agarda siz ham ushbu shaxslar harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar Mirobod tumani IIO FMBning 71-291-58-02, 71-230-38-75 va 71-230-38-43 raqamlari orqali murojaat qiling”, — deyiladi Tergov departamentining axborotida.