O‘zbekiston moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqovning AQShga tashrifi doirasida AQSh g‘aznachiligining Texnik yordam ofisi rahbari Larri Makdonald bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Uchrashuvda soliq siyosati, davlat qarzlari va investitsiyalarni boshqarish tizimi, kapital bozorini rivojlantirish, soliq boshqaruvi, shuningdek, budjet jarayonlari samaradorligini oshirish sohasida idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida budjetni rejalashtirish, davlat qimmatli qog‘ozlari uchun mahalliy kapital bozorini rivojlantirish va davlat qarzlarini boshqarish amaliyotini takomillashtirish kabi sohalarda moliyaviy salohiyatni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha texnik topshiriqlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zA

Yaqin vaqt ichida xuddi shunday texnik topshiriqlarning qimmatli qog‘ozlar va soliq boshqaruvi sohalarida ham qabul qilinishi kutilmoqda.

Joriy yilning noyabr oyida AQSh g‘aznachiligi ekspertlarining O‘zbekistonga bir nechta tashrifini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashriflar davomida qayd etib o‘tilgan sohalarda hamkorlik rejalari ishlab chiqiladi. Ekspert guruhlar tarkibiga O‘zbekiston idoralari tomonidan uzoq muddatli asosda jalb qilinadigan bo‘lajak maslahatchilar ham kiradi.

O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi tomonidan xabar berilishicha, AQSh g‘aznachiligi 2020-yilning boshida O‘zbekiston Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish agentligiga uch nafar maslahatchini tayinlashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, AQSh g‘aznachiligi boshqa idoralardan, shu jumladan, Qimmatlli qog‘ozlar komissiyasi va AQSh birjalaridan ekspertlarni jalb qilishni ko‘zlamoqda.