Livan hukumati mamlakatda fuqarolar o‘tkazayotgan norozilik namoyishlarini to‘xtatish maqsadida vazirlar va deputatlarning maoshini 50 foizga qisqartirishga qaror qildi. Livan bosh vaziri Saad Haririy vazirlar mahkamasining kichik tarkibda o‘tkazilgan yig‘ilishida inqirozdan chiqish bo‘yicha yangi rejasini muhokama qilgan. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Foto: The National

Yangi islohotlar rejasiga ko‘ra, Livan hukumati banklar va sug‘urta kompaniyalarining daromad solig‘ini 25 foizga ko‘taradi, shuningdek, mamlakatdagi telekommunikatsiyalar sohasi korxonalari xususiylashtiriladi.

Haririy avval e’lon qilingan davlat sektori hamda harbiylarga nisbatan ijtimoiy to‘lovlar va pensiyani qisqartirish bo‘yicha qarorning bekor qilinganini bildirgan. Iqtisodiyotni barqarorlashtirish yuzasidan tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Livan markaziy banki va xususiy banklar tomonidan hukumatga 3,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratiladi.

Bosh vazir rejasining asosiy maqsadlari Bayrutda va mamlakatning boshqa shaharlarida davom etayotgan noroziliklarning to‘rtinchi kunida e’lon qilindi. Xabarlarga ko‘ra, 20-oktabr, yakshanba kuni namoyishlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning soni 1,5 million nafarga yetgan.

Parlament deputati Shamil Rokkuz namoyish ishtirokchilari koalitsion hukumatning kechga qolib amalga oshirgan chora-tadbirlarini endi qabul qilmasligini qayd etdi.

“Vaqt boy berildi va Haririy hukumati iste’foga chiqishi lozim. Livanda davom etayotgan og‘ir iqtisodiy inqiroz vaqtida professionallardan tashkil topgan va davlatni ushbu vaziyatdan qutqara oladigan hukumatga ehtiyoj tug‘ilgan”, — deydi deputat.

19-oktabrda Bayrutda miting o‘tkazgan noroziliklar ishtirokchilari hukumat iste’fosi, parlamentning tarqatilishi va Livanda muddatidan avval saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan.