Suriya shimoli-sharqidagi mingga yaqin Amerika harbiylari IShID terrorchilariga qarshi kurashish uchun Iroq g‘arbiga o‘tkaziladi. Bu haqda 19-oktabr kuni AQSh mudofaa vaziri Mark Esper ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda Reuters.
“AQSh qo‘shinlari Suriya shimoli-sharqidan chiqib ketishda davom etmqoda. Jarayon bir necha kunda emas, balki haftalar davomida amalga oshadi. Joriy reja ularni Iroqning g‘arbiy qismiga ko‘chirib o‘kazishdan iborat”, − deya ta’kidlagan Pentagon rahbari.
Esperning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hududdan mingga yaqin AQSh harbiylari Iroq tomonga ko‘chirib o‘tkaziladi.
Turkiya 9-oktabrda Suriya shimoli-sharqida kurd jangarilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Harbiy harakatlar davom etayotgan vaqtda Pentagon AQSh harbiylarining ushbu operatsiyada ishtirok etmasligi va hududdan evakuatsiya qilinishini bildirgandi.
18-oktabr, juma kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens bilan muzokaralardan keyin Suriya shimoli-sharqidagi “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 120 soatga to‘xtatilganligini e’lon qilgandi. Anqara kurdlarning chegara hududidan uzoqlashishini va og‘ir artilleriya vositalarini topshirishini talab qilgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)