16-oktabr, chorshanba kuni Sergeli tumani IIBga 31 yoshli Aleksandra K. murojaat qilgan. U o‘z arizasida joriy yilning iyun oyida unga 50 ming dollarini Qozog‘iston Respublikasida yashovchi tanishlariga yetkazishda yordam berishini va’da qilgan tanishi 37 yoshli Artyom S.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB tomonidan xabar berildi.
Aleksandra tanishining taklifiga rozi bo‘lib, unga pullarni bergan. Ammo Artyom pullarni manzilga yetkazmasdan, egasiga ham qaytarib bermasdan o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan.
Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
IIBB tomonidan shunga o‘xshash boshqa holat haqida ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 16-oktabr kuni Sergeli tumani IIBga yana bir ariza 44 yoshli Zayniddin A.dan kelib tushgan. Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning avgust oyida tanishi bo‘lgan Muhiddin A. undan Lacetti rusumli avtomobilini ikki yil davomida muddatli to‘lov evaziga xarid qilish istagini bildirgan.
Ular o‘zaro narxni 11 100 dollarga kelishib, dastlabki to‘lov tariqasida Muhiddin 1 500 dollar to‘lagan. Qolgan mablag‘ni esa Muhiddin ikki yil davomida har oy 400 dollardan to‘lashi kerak edi.
Ammo avtomobilni olgach, Muhiddin o‘z va’dasiga xilof tarzda sentabr oyida mashinani 43 yoshli Xayrulla R.ga sotib, Zayniddinga qolgan mablag‘ni to‘lamasdan, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuborgan. Ushbu fakt asosida ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)