Rasmiy tashrif bilan 17-oktabrda Surxondaryoga kelgan Shavkat Mirziyoyev Denov tumanidagi “Bog‘i Eram” mahallasida harbiylarning farzandlari uchun qurilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Smart kids” nomli ikki qavatli ushbu bog‘cha 150 o‘rinli bo‘lib, chet tillarga ixtisoslashgan. Bolalar ingliz, rus va koreys tillari bo‘yicha beshta guruhda tarbiyalanadi. Bundan tashqari, bog‘chada sport, musiqa va san’at turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, unda asosan shu hududdagi harbiy shaharchada yashayotgan harbiylarning, shuningdek, mahalliy aholining farzandlari tarbiyalanmoqda. Bog‘chaga ishga qabul qilingan 22 tarbiyachining 14 nafari harbiylarning turmush o‘rtoqlaridir.
Prezident bog‘chada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. Davlat rahbari bog‘cha tarbiyalanuvchilariga sovg‘alar topshirdi.
“Tadbirkorlarimizning sharoitni tushunib bog‘chalar qurayotgani hozirgi siyosatimizga ko‘mak, — degan Shavkat Mirziyoyev. — Bunday bog‘chalar asosiy e’tiborni bola tarbiyasiga qaratadi, davlat bog‘chalari bilan raqobatda ishlaydi.
Shu yerda Maktabgacha ta’lim vazirligi va “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil va modul bog‘chalar taqdimoti o‘tkazildi.Ma’lumki, olis va chekka hududlardagi kam xonadonli aholi punktlarida bog‘chalar qurish o‘zini oqlamaydi. Shuni hisobga olib, mobil bog‘chalar taklif qilinmoqda. Buning uchun “Isuzu” avtobusi bog‘cha xonasi ko‘rinishida modernizatsiya qilinib, jihozlandi. “Aqlvoy” deb nomlangan mobil bog‘chalar chekka hududlarga borib, bolalarga kunduz kuni ta’lim-tarbiya beradi. Yana bir jihati, mobil bog‘chalar uchun 2 sotix yerda o‘yin maydonchasi barpo etiladi. Bu bolalarga an’anaviy bog‘chalardagidek sharoitda tarbiyalanish imkonini beradi.
Dengiz konteynerlaridan qurilgan modul bog‘chalarda 90 nafargacha bolani qamrab olish mumkin. Bunday bog‘chalar sirti issiq va sovuq o‘tkazmaydigan material bilan qoplangan, uning ichida ham zamonaviy bog‘chalardagi kabi sharoitlar yaratilgan. Bolalarning ta’lim olishi, turli o‘yinlar o‘ynashi, uxlashi uchun yaratilgan qulayliklar chet el tajribasiga to‘la mos keladi.
Mavziga doir: Shavkat Mirziyoyev Denov tumanidagi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda bo‘ldi (foto)
Yangi loyihalarni maktabgacha ta’lim tizimida keng yoyish, mamlakatda bog‘chalar qamrovini kelasi yilda 50 foizga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh (0)