Rus jo‘g‘rofiya jamiyati hamda Rossiya harbiy dengiz flotining Shimoliy floti birgalikda ekspeditsiya o‘tkazayotganida kurakoyoqlilar sinfining eng yirik vakillaridan bo‘lgan urg‘ochi morj o‘z bolalariga yaqin kelib qolgan tadqiqot kemasiga hujum qildi. Albatta, ona morj bolalarini himoya qilish uchun shunday qilgan.
Rossiya Shimoliy floti va jo‘g‘rofiya jamiyati 1874-yilda Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonidan Yulius Payer boshchiligida tashkil qilingan ekspeditsiya yo‘nalishini takrorlash niyatida yo‘lga chiqqan edi. Eslatib o‘tamiz, o‘shanda Avstriya-Vengriya ekspeditsiyasi Frans-Iosif yeri arxipelagini kashf qilgan edi. Ruslarning bu safargi ekspeditsiyasi esa arxipelagning flora va faunasini o‘rganishni maqsad qilgani aytilmoqda; qolaversa, arxipelagdagi muzliklar holatini ham o‘rganishar emish.
Urg‘ochi morjning ekspeditsiya kemasiga hamla qilib, uni cho‘ktirib yuborgani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib Bussines insider tarqatgan. Unda aytilishicha, o‘tgan hafta ekspeditsiya Vilchek orolidagi Geller burniga qirg‘oqqa chiqishga urinayotgan paytda, to‘satdan bahaybat urg‘ochi morj kemaga hujum qilib, uni shikastlagan. Ekspeditsiya a’zolari esa qutqaruv qayig‘ida arang qutulib qochib qolgan. Urg‘ochi morj shu taxlit o‘z bolalarini xavfdan himoya qilgani ta’kidlanmoqda xabarda.
Ro‘y bergan ko‘ngilsizlik haqida rus jo‘g‘rofiya jamiyati qisqa press-reliz ham bergan. Unda otryad komandirining tezkor va aniq xatti harakatlari evaziga, vaziyat xayrli yakun topgani va baxtsizlik oldini olingani aytilmoqda. Ekspeditsiyaning barcha a’zolari eson-omon eng yaqin qirg‘oqqa yetib olishgan.
Harbiy flot vakillari esa kemani darg‘azab morjlar hujumidan saqlab qolishganini xabar qilib chiqqan. Biroq ular baribir ekspeditsiya kemasining o‘zi yakunda baribir cho‘kib ketganini yashirishga uringan.
Hodisadan keyin endilikda ekspeditsiya “Oltoy” qutqaruv buksirida tadqiqotni davom ettirmoqda ekan.
Izoh (0)