Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turi doirasida 22-sentabr, yakshanba kuni 2 ta bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Vadim Abramov qo‘l ostidagi Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi o‘z maydonida Navoiyning “Qizilqum” klubini qabul qildi.
Uchrashuv davomida “qaldirg‘ochlar” vakillari Mirjahon Mirahmadov (24) va Abdulla Abdullayev (29) tomonidan urilgan gollarga Navoiy klubi Sunnatilla Abdullajonovning goli bilan javob qaytardi.
Bahs yakuniga ko‘ra, toshkentliklar “Qizilqum”dan 2:1 hisobida ustun keldi va 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng “Bunyodkor” ochkolari sonini 34 taga yetkazib oldi va musobaqa jadvalida 3-o‘rinda bormoqda. So‘nggi o‘rinni egallab turgan “Qizilqum” hisobida esa 18 ochko mavjud.
Ro‘ziqul Berdiyev boshqaruvidagi Qarshining “Nasaf” klubi “Buxoro”ga qarshi maydonga tushdi.
O‘yinning 45+1-daqiqasida Buxoro klubi yarim himoyachisi Asad Sobirjonov hisobni ochgan bo‘lsa, 67-daqiqaga kelib “Nasaf” a’zosi Sharof Muhitdinov hisobni tenglashtirdi (1:1). 75-daqiqada esa “Buxoro”ning boshqa bir yarim himoyachisi Salomat Qutiboyev jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Shu tariqa “Nasaf” o‘z maydonida kechgan bahsda buxoroliklarga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” 28 ochko to‘plagan holda 6-o‘rinni band qilib turibdi. “Buxoro” esa 18 ochko bilan 13-o‘rindan joy oldi.
20-tur yakuniga ko‘ra musobaqa jadvalidagi holat:
Superliga
20-tur bahslari
22-sentabr, yakshanba
“Bunyodkor”—“Qizilqum” 2:1
Gollar: 1:0 — 24 Mirjahon Mirahmadov, 2:0 — 29 Abdulla Abdullayev, 2:1 — 87 Sunnatilla Abdullajonov“Nasaf”—“Buxoro” 1:2
Gollar: 0:1 — 45+1 Asad Sobirjonov, 1:1 — 67 Sharof Muhitdinov, 1:2 — 75 Salomat QutiboyevYanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)