Energetika bo‘yicha xalqaro sertifikatlash va tasniflash markazi DNV GL jahon mamlakatlarining 2050-yilgacha bo‘lgan energetik taraqqiyoti prognozlarini e’lon qildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur prognozlar keltirilgan hisobot ko‘p jihatdan dunyoning asr o‘rtalariga borib qay darajada energetik transformatsiyaga yuz tutishini chamalashga asoslangan. Boz ustiga, hisobotda muqobil variantlar ko‘rib chiqilmagan va energetik taraqqiyotning faqat bir ssenariysi asos qilib olingan. Prognoz-hisobot mualliflari, shuningdek, “optimist texnologlar” ekanini ta’kidlagan va energetik transformatsiya jadallashuviga energiya ishlab chiqarish va tejamkor foydalanish texnologiyalarining rivoji turtki beradi deb hisoblagan. Shunga qaramay, mualliflarning bu prognozdagi ayrim jiddiy pessimistik fikrlari ham ko‘zga tashlanadi. Xususan, energetik transformatsiya-2050 qay darajada ilg‘or bo‘lmasin, lekin u baribir iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij kelishuvlarida ko‘zda tutilgan muddaolarga erishishga kamlik qiladi deb hisoblagan. Chunonchi, 2050-yilga borib, aynan energetik taraqqiyot ko‘lami natijasida global iqlim harorati o‘rtacha 2,4 ℃ ga ko‘tarilishi mumkin.
Prognozga ko‘ra, hozirda jahon energetika tarmog‘ining asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish – neft iste’moli sohasidagi eng katta talab hajmi atigi ikki yildan keyin, ya’ni 2022-yilga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda ekan. Tabiiy gaz iste’molining cho‘qqisi esa 2033-yilga to‘g‘ri kelishi bashorat qilingan. Asrimizning qoq o‘rtasiga borib esa jahon energetika salohiyatning yetakchi tarmog‘i aynan gaz manbalari bo‘lishi taxmin qilinmoqda. 2033-yilga borib dunyo bo‘ylab energiya iste’moli hajmi hozirgidan 12 foizga o‘sishiga trendlar ishora qilmoqda.
Neft iste’molining 2022-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqishi va keyin neft qaytib unday marraga qayta olmasligini mutaxassislar aynan 2022-yildan keyin transport maksimal darajada elektrlashib ketishi borasidagi bashoratlar bilan bog‘lagan. Taxminlarga ko‘ra, jahon mamlakatlari bo‘ylab elektromobillar soni ortishi quyidagi trendga muvofiq bo‘ladi:
Sohaga oid boshqa tadqiqotchilar singari, DNV GL ham o‘z prognozlarida butun dunyo bo‘ylab elektrlashtirish darajasining keskin ortishini hamda kelajakda barcha sohalarda, jumladan, transport sohasida ham aynan elektr energiyasi iste’moli birinchi planga chiqishini bashorat qilmoqda. Shunga ko‘ra, eng pessimistik o‘sish sur’atlari bilan ham elektr energiyasi iste’moli 2050-yilga borib hozirgidan kamida 19 foizga ko‘p bo‘lishini aytilgan bo‘lsa, optimizm sur’atlari asr o‘rtasidagi insoniyatning elektr energiyasi iste’moli hozirgidan ko‘ra 40 foizga ko‘p bo‘ladi degan taxminni bergan. 2050-yilga borib butun jahon bo‘ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 53 TVt∙soatga yetishi ko‘zda tutilyapti ekan. Bu hozirgi ishlab chiqarish hajmidan taxminan 125 foizga ko‘p degani bo‘lib, ma’lumot uchun, hozirda jahon bo‘ylab elektr energiyasi ishlab chiqarish miqdori umumiy 24 TVt∙soatni tashkil etmoqda. Ta’kidlash joizki, DNV GL’ning bu prognozi boshqalarnikidan biroz past darajani ko‘zlamoqda. Xususan, ayrim boshqa tadqiqot hisobotlarida 2050-yilga borib erishiladigan elektr energiyasi ishlab chiqarish miqdori 66 TVt∙soat bo‘ladi deb ham keltirilgan.
DNV GL’ning o‘zi avvalgi hisobotlarida 2050-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish sohalarida shamol parraklari va Quyosh elektr stansiyalari orqali energiya olish sohasi 70 foiz o‘sishga erishadi degan taxminni ilgari surgan edi. Lekin endilikda muayyan sabablarga ko‘ra, 2050-yillardagi ishlab chiqarish borasida tabiiy gaz yoqilg‘isiga asoslangan elektr energiyasi olinishi 63 foizgacha o‘sishi bashorat qilinmoqda.
O‘sha zamonga borib sayyoramizdagi asosiy elektr energiyasi manbai fotoelektr stansiyalari bo‘lib qolishi ayon bo‘lmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050-yilda jahon bo‘ylab ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmining 33 foizini aynan Quyosh elektr stansiyalari berar ekan. O‘shanda Quyosh fotoelektr stansiyalarining umumiy ishlab chiqarish quvvati 11560 GVt ga yetishi reja qilingan. Shunga qaramay, o‘sish sur’atlari bo‘yicha rekordchi shamol energetikasi bo‘lar emish. Asr o‘rtasiga borib shamol energetikasining ishlab chiqarish hajmi hozirgidan qariyb 80 barobar ortishi taxmin qilinmoqda. O‘shanda dunyo bo‘ylab o‘rnatilgan shamol parraklari 1550 GVt elektr energiyasi beradigan darajaga yetadi deyilmoqda prognozda.
Xo‘sh, unda Parij kelishuvlari orqali belgilangan iqlim muammolarini bartaraf etish rejalarini qanday amalga oshirish mumkin? Mualliflarning fikricha, bu borada faqat energetika sohasidagi islohotlarga yopishib olish to‘g‘ri emas. Buning uchun juda ko‘p sohalardagi kompleks choralar zarur. Faqat shamol va Quyosh energetikasini rivojlantirish orqali global iqlim o‘zgarishlarini oldini olib bo‘lmaydi. Prognoz-hisobotda alohida qayd qilinishicha, bugunoq hamma birdaniga uglerodsiz usul bilan elektr energiyasi ishlab chiqarishga o‘tgan taqdirda ham, bu Parij kelishuvlarida belgilangan maqsad – global iqlim isishini o‘rtacha 2 ℃ dan oshirmaslik rejasini amalga oshirishga imkon bermaydi. Iqlim muammolarini bartaraf etishda esa juda ko‘p narsa va xalqaro izchil hamkorlik talab etiladi. Chunonchi, energiya samarador texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirish, shamol va Quyosh energetikasi rivojlanishi uchun ushbu sohalarda biznes yuritishni qo‘shimcha rag‘batlantirish hamda uglerod oksidlarining atmosferaga tashlanishini oldini olishda uglerodni tutib qoluvchi va saqlovchi texnologiyalarni keng joriy qilish shular jumlasidandir.
Izoh (0)