“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ekspertlari tomonidan tayyorlanayotgan saylovoldi dasturiga oliy ta’lim muassasalariga kirishni osonlashtirish, oliy ma’lumotlilar safini kengaytirish, korrupsiyani oldini maqsadida oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasini bekor qilish taklifi kiritilmoqda.
Partiya ekspertlar guruhi bayonotida ta’kidlanishicha, 2019-yilda oliy ta’lim muassasalariga 1 066 925 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Shundan 102 400 nafari o‘qishga qabul qilindi. Bu esa talabalikka faqatgina 9,6 foiz abituriyent qabul qilinganini ko‘rsatmoqda.
“Ushbu tashabbus mohiyati faqat qulaylikka xizmat qilish bilan cheklanmaydi. Endi yoshlar talaba bo‘lgunga qadar emas, oliy ma’lumot olishgacha bo‘lgan vaqtda ham puxta bilim olishga intiladi. Bu o‘qishga kirishni emas, balki oliy ta’lim dargohlarida bosqichdan bosqichga o‘tish va bitirishni murakkablashtiriladi”, — deyiladi partiya ekspertlarining bayonotida.
Taklifga ko‘ra, davlat budjeti asosida o‘qishga kirolmagan barcha abituriyentlar shartnoma to‘lovini to‘lash orqali talaba bo‘lishlariga yo‘l berish kerak.
“Bizda o‘qishga kirishda kvota ozligi, test savollarining ayrimlari murakkabligi va chalkashligi bois bir guruh yoshlarimiz xorijiy davlatlarda ta’lim olishni ma’qul ko‘rmoqda. Bundan tashqari, o‘qishga kirishning qing‘ir yo‘llarini izlash oqibatida korrupsiya avj olmoqda. Shuni inobatga olib, o‘z dasturida ta’lim sohasini ustuvor deb bilagan ‘Adolat’ SDP oliy ta’lim qabulidagi kvotani yo‘qotish tarafdori”, — deyiladi partiya ekspertlari bayonotida.
Partiya Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda 2020-yildan har bir oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari aks etgan normativ hujjatlarni belgilash rejalashtirilgan. Natijada oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tishni ta’minlash hamda qabul kvotalarini bekor qilishga erishiladi.