Farg‘ona viloyati 2-sektor rahbarining navbatdagi sayyor qabuli Bag‘dod tumanida o‘tkazildi. Bu haqda “Xalq bilan muloqot” portali “Daryo”ga ma’lum qildi.
Qabul davomida 46 nafar fuqaroning murojaati tinglandi va 41 ta yozma murojaat qabul qilinib, ularning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi.
Murojaatlar asosan ichimlik suvi ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda kommunal masalalarga oid bo‘ldi.
Xususan, “Govxona” qishlog‘ining Tadbirkor va Qo‘shchinor ko‘chalari, “Qaroqchitol” va “Qorovultepa” qishloqlarida aholini toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji mavjudligi, ichimlik suvi tarmog‘i va nasoslar ta’mirga muxtojligi ma’lum bo‘lib, bu masalalarni ko‘targan T.Rahmonov, U.Isoqov, X.Sarimsoqova, X.Ermatovlarning murojaatlarini ijobiy hal etish choralari belgilandi.
Shuningdek, tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining murojaatiga asosan kanalizatsiya tarmoqlarini tozalash va maishiy chiqindilarni belgilangan vaqtda tashib ketishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlarining mas’uliyati oshirildi.
Sayyor qabul jarayonining o‘zida 5 nafar shaxs ishga joylashtirildi, 2 nafariga nogironlik aravachasi, 1 nafariga eshitish uskunasi berildi, 2 nafari davolanishga yotqizildi, yana 2 nafariga sihatgohga bepul yo‘llanmalar berildi.
“Joriy yilda xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtini tamomlagan bo‘lsamda, hozirga qadar ishga joylasha olmadim. Sayyor qabul davomida murojaatim ijobiy hal etilib, maktabga ishga joylashdim”, — dedi “Churindi” qishlog‘ida yashovchi M.Alijonova.
“Buzilishga tushgan savdo do‘konim o‘rniga tuman hokimligi tomonidan yer maydoni ajratilmagani haqida murojaat qildim. Murojaatim tegishli tashkilot vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi”, — deydi Bag‘dod shaharchasida yashovchi B.Mirzaqulov.
Shu bilan birga, viloyat prokurori tomonidan kam ta’minlangan oilalarning xonadonlariga borildi.
Xususan, fuqaro Z.Usmonovaning xonadoniga borilganda, oilada 4 nafar fuqaro istiqomat qilishi, o‘zi va qizi M.Ubaydullayeva ishsizligi, ikki nafar farzandi maktab o‘quvchisi ekanligi, oila Z.Usmonovaning yollanma mehnati orqali kun kechirayotganligi, yashash uyi 1959-yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirga muxtojligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish davomida, ikki xonadondan iborat yashash uyi qurish masalasini ko‘rib chiqish haqida mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilib, Z.Usmonova va qizi M.Ubaydullayevaning ishga joylashtirilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, F.Isoqovaning yashash xonadoni o‘rganilganda, xonadonda 2 nafar farzandi bilan birga yashab kelayotganligi, F.Isoqova kasalligi, qizi D.Isoqova ishsizligi, o‘g‘li I.Rahimberdiyev nogironligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish davomida F.Isoqovaning yashash uyini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, o‘zini va farzandini davolash chora-tadbirlari belgilanib, qizi D.Isoqovaga bepul tikuv mashinasi berildi.
Izoh (0)