“O‘zneftgazinspeksiya” o‘z faoliyati davomida doimiy ravishda gaz ta’minoti korxonalari tomonidan aholi xonadonlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berilayotgan suyultirilgan gazning o‘z vaqtida va amaldagi me’yoriy talablar asosida yetkazilishini nazoratga oldi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu borada olib borilayotgan navbatdagi profilaktik va tezkor tadbirlar davomida gaz ta’minoti korxonalarining ba’zi nopok xodimlari tomonidan shaxsiy manfaatlarini o‘ylab talon-torojlik, tasdiqlangan grafikka rioya etmaslik, qabul qilish va tarqatish jarayonlarida birlamchi hujjatlarni noto‘g‘ri yuritish kabi holatlarga yo‘l qo‘yilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda, suyultirilgan gaz ta’minotida yuzaga kelayotgan muammolarga fuqarolarning o‘zlari ham sababchi bo‘lmoqda. Chunki hech kimga sir emas, bugungi kunda ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatda har sohada yuz berayotgan yangiliklar, voqea-hodisalar, qabul qilingan qaror va qonunlar bo‘yicha kunlik axborot va ma’lumotlar berib borilmoqda, shu jumladan, energetika sohasidagi huquqiy-normativ hujjatlar ham ochiqlik prinsipi asosida keng jamotchilikka yetkazilmoqda.
Lekin, ba’zi fuqarolar o‘z haq-huquqlarini bilmasliklari, talab qilmaganliklari sababli 2—3 oylab suyultirilgan gaz olmasalar-da, xususiy gaz to‘ldirish shoxobchalaridan qimmat narxlarda suyultirilgan gaz sotib olayotganliklari, gaz ta’minot korxonasidan sotib olgan gaz ballonlarining og‘ir qoldiqlarini nazorat tartibida qayta tortib ko‘rmayotganliklari hamda belgilangan narxdan qimmat sotilayotganda e’tirozsiz sotib olayotganliklari sohadagi ba’zi kimsalarga qo‘l kelmoqda.
Joriy yil boshidan 15-avgust kuniga qadar hududlarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida respublika bo‘yicha 90 ta gaz tarqatish stansiyasi va gaz tarqatish punkti tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonida 420 dan ortiq qo‘pol qoida buzilishlari aniqlanib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanishi natijasida iqtisod qilinishi mumkin bo‘lgan 25,2 ming tonna suyultirilgan gaz miqdorlari aniqlangan.
Birgina avgust oyining o‘tgan 15 kuni davomidagi respublika bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish yuzasidan 15 ta qonun buzilish xolati aniqlanib, hisoblangan umumiy suyultirilgan gaz miqdorlari 219 tonnani tashkil etdi.
Misol uchun, Surxondaryo viloyatida “Jarqo‘rg‘on gaz to‘ldirish shoxobchasi”da 61 tonna va “Jarqo‘rg‘onneft” AJda 2 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgani;
Navoiy viloyati “Karmana—Navbaxor” tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasida, aholi xonadonlariga joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 54 tonna suyultirilgan gaz rejaga nisbatan kam yetkazib berilgani;
Andijon viloyati “Izboskan” tuman gaz ta’minoti uchastkasida:
— aholi xonadonlariga 20 kilogramm suyultirilgan gaz uchun belgilangan 19 ming so‘m o‘rniga, amalda 24 ming so‘mdan to‘lovlar undirilayotgani;
— aholi xonadonlari uchun ajratilgan 6 tonna suyultirilgan gazni gaz ta’minoti uchastkasining maxsus avtotransport vositalariga yoqilg‘i sifatida ishlatilgani;
— 41 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgani;
— tarqatish hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan holda 62 tonna suyultirilgan gaz asossiz hisobdan chiqarilgani;
— 34,6 tonna suyultirilgan gaz uchun aholidan undirilgan 32 million 894 ming so‘m pul mablag‘lari o‘z vaqtida bankka topshirilmagani;
Xorazm viloyati “Xiva tumangaz” uchastkasida:
— 4 tonna suyultirilgan gaz texnologik yo‘qotishlarga asoslovchi hujjatlarsiz hisobdan chiqarilgani;
— uchastka omborxonasida 6 tonna suyultirilgan gaz kamomadi mavjudligi;
Farg‘ona viloyati “Real gaz biznes” xususiy korxonasining litsenziya muddati 2018-yil 15-dekabrda tugagan bo‘lishiga qaramay bugungi kunga litsenziyasiz faoliyat olib borayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)